Logo

O‘zbekiston Jahon chempionatidan qancha daromad oladi?

Bugun 22:453 daqiqa

O‘zbekiston futbol terma jamoasi ilk mundialida millionlab dollar ishlab olishi kutilmoqda. Terma jamoa natijasiga qarab mukofot ham oshib boraveradi. Musobaqada qatnashadigan futbolchilarning klublari ham yuz minglab dollar kompensatsiya oladi.

O‘zbekiston Jahon chempionatidan qancha daromad oladi? © Foto: Ufa

Bugun, 11-iyundan 12-iyunga o‘tar kechasi sport tarixidagi eng yirik turnirlardan biri — futbol bo‘yicha FIFA Jahon chempionati boshlanadi. AQSH, Kanada va Meksikada o‘tayotgan bu safargi musobaqa faqat maydondagi kurash bilan emas, balki rekord darajadagi moliyaviy mukofot jamg‘armasi bilan ham e’tibor tortmoqda.

FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilgi Jahon chempionati uchun ajratiladigan umumiy moliyaviy mablag‘ 727 million dollarni tashkil etadi. Bu 2022-yilgi Qatar mundialiga nisbatan 50 foizga ko‘p.

AQSH, Kanada va Meksikada o‘tayotgan chempionat O‘zbekiston uchun tarixdagi birinchi ishtirok bo‘ladi. Shunday ekan, eng katta savollardan biri: O‘zbekiston terma jamoasi mundialda qancha daromad olishi mumkin?

2026-yilgi mukofot pullari qanday taqsimlanadi?

FIFA e’lon qilgan yangi tizimga ko‘ra, milliy terma jamoalarga yakuniy o‘rinlariga qarab quyidagi miqdorlarda to‘lov amalga oshiriladi:

  • Chempion — 50 mln dollar

  • Finalchi — 33 mln dollar

  • 3-o‘rin — 29 mln dollar

  • 4-o‘rin — 27 mln dollar

  • 5–8-o‘rinlar — 19 mln dollar

  • 9–16-o‘rinlar — 15 mln dollar

  • 17–32-o‘rinlar — 11 mln dollar

  • 33–48-o‘rinlar — 9 mln dollar

Bundan tashqari, mundialga chiqqan har bir terma jamoa tayyorgarlik xarajatlari uchun yana 1,5 million dollar oladi.

O‘zbekiston qancha ishlab olishi mumkin?

O‘zbekiston mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani uchun, terma jamoa kamida 10,5 million dollar atrofida mablag‘ oladi. Bunga:

  • 9 million dollar — guruh bosqichida ishtirok uchun,

  • 1,5 million dollar — tayyorgarlik xarajatlari uchun kiradi.

Agar jamoa guruhdan chiqa olsa, bu summa yanada oshadi. Masalan, 1/8 finalga chiqsa, terma jamoa budjetiga kamida 15 million dollar, tayyorgarlik pullari bilan birga esa 16,5 million dollar ham olib keladi.

Demak, O‘zbekiston uchun mundial faqat tarixiy sport voqeasi emas, balki mamlakat futboli uchun katta moliyaviy imkoniyat ham bo‘ladi.

Qatardagi mundialda qancha pul to‘langan edi?

2022-yilda Qatar mezbonlik qilgan Jahon chempionatida umumiy mukofot jamg‘armasi 440 million dollar bo‘lgan edi. O‘sha turnirda jamoalarga quyidagicha pul tarqatilgan:

  • Guruh bosqichida qolganlar — 9 mln dollar

  • 1/8 finalchilar — 13 mln dollar

  • Chorak finalchilar — 17 mln dollar

  • 4-o‘rin — 25 mln dollar

  • 3-o‘rin — 27 mln dollar

  • Finalchi — 30 mln dollar

  • Chempion — 42 mln dollar

Shuningdek, har bir milliy terma jamoaga tayyorgarlik uchun 1,5 million dollar berilgan.

Klublar ham daromad ko‘radi

FIFA nafaqat terma jamoalarga, balki futbolchilarning klublariga ham kompensatsiya to‘laydi. 2022-yilgi Jahon chempionatida bu maqsad uchun 209 million dollar ajratilgan edi.

Bu galgi Jahon chempionatida esa klublarga 355 million dollar to‘lanishi reja qilingan. Bunday tizim 2010-yilda Janubiy Afrikada o‘tkazilgan mundialdan beri amal qilib kelmoqda.

355 million dollarlik kompensatsiya jamg‘armasidan 250 million dollari turnirning o‘ziga ajratilgan. Yana 100 million dollari saralash bosqichi o‘yinlari uchun, qolgan 5 million dollari esa dasturni amalga oshirish bilan bog‘liq ma’muriy xarajatlarga chiqarib tashlangan.

Turnirda qatnashish uchun qo‘yib yuborilgan kundan boshlab, o‘yinchilar klublarga turnirning final o‘yinidan keyingi kungacha kuniga 5 000 dollar miqdorida to‘lov oladi.

Mundialning saralash bosqichi o‘yinlari uchun futbolchi o‘yin kuni tarkibida bo‘lgan har bir saralash o‘yini uchun klubiga 2 362 dollar to‘langan.

Turnir o‘rtasidagi kunlik to‘lov 2022-yili Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatidagi kunlik to‘lovning yarmidan ko‘prog‘iga kamaydi. O‘shanda har bir futbolchi uchun kuniga 10 950 dollardan to‘langandi. Biroq, bu yilgi turnir ancha uzunroq davom etib, jamoalar soni 32 tadan 48 taga ko‘payadi.

O‘zbekiston terma jamoasi mundialda kamida guruh bosqichi yakuni — 28-iyungacha bo‘ladi. FIFA klublar uchun o‘yinchilarni qo‘yib yuborishi shart bo‘lgan sana 25-may edi.

O‘zbekistonlik futbolchi 25-maydan 28-iyungacha 34 kun davomida klubiga kamida 170 000 dollar daromad olib keladi.

Masalan, «Nasaf» futbol klubi terma jamoaga 2 nafar futbolchini (Abduvohid Ne’matov va Umarbek Eshmurodov) yuborgan. Bu uchun klub 340 000 dollar mablag‘ olishi mumkin.

«Paxtakor»dan 4 nafar futbolchi musobaqaga bormoqda va klub turnir davomida 680 000 dollar ishlab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid