O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan 8,5 mln dollarlik grant loyihasini amalga oshiradi
Grant Parij bitimining 6-moddasi doirasida uglerod birliklari savdosini yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar tayyorlash va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga yo‘naltiriladi.
© KOICAO‘zbekiston Janubiy Koreya bilan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda. Buning uchun 8,5 mln dollar grant jalb qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
25-noyabr kuni iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Global yashil o‘sish instituti (GGGI) vakillari bilan uchrashdi. Unda «KOICA»ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kim Myon Jin va «GGGI» vakolatxonasi rahbari Stella Seung Yon Li ham qatnashdi.
Muzokaralar yakunida Parij bitimini amalga oshirish va Koreya bilan qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi uchun grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.
Uglerod birliklari savdosi yo‘lga qo‘yiladi
Loyiha doirasida ikki mamlakat o‘rtasida uglerod birliklari savdosini tashkil etish uchun zarur tartib-qoidalar, qo‘llanmalar va qo‘shma harakatlar rejasi ishlab chiqiladi.
Uglerod loyihalarini tayyorlash va boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitadigan maxsus markaz tashkil etiladi. U zarur jihozlar bilan ta’minlanib, o‘quv dasturlari ishga tushiriladi.
Shuningdek, grant mablag‘larining bir qismi qishloq xo‘jaligi, energetika va suv xo‘jaligi sohalarida zararli gazlar chiqindisini kamaytirishga qaratilgan sinov loyihalariga sarflanadi. Bu loyihalar orqali ushbu sohalarda ekologik toza texnologiyalarni joriy etish va resurslardan tejamkor foydalanish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda KOICA moliyaviy ko‘magida GGGI Orolbo‘yini yashil tiklash bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirgan. U Qoraqalpog‘istonda iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va yashil investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning 19-martida Ilzat Qosimov Xitoyning «Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi bilan eski avtomobil shinalarini piroliz usulida qayta ishlab, texnik uglerod ishlab chiqarish loyihasini muhokama qilgandi. Kompaniya bu yo‘nalishda 80 dan ortiq loyihani amalga oshirgan.





