Logo

Markaziy Osiyo orqali savdo oshganiga qaramay, Afg‘onistonda yangi meva eksporti 88 foizga kamaydi

Mintaqa davlatlariga meva sotish fermerlarga mahsulot narxini ma’lum darajada saqlab qolishga yordam berdi. Shunga qaramay, Pokiston bilan savdo aloqalarining uzilishi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi aholining daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, olti oy ichida qariyb 490 ming tonna yangi meva va sabzavot o‘zining tashqi bozoridan ayrilgan.

Markaziy Osiyo orqali savdo oshganiga qaramay, Afg‘onistonda yangi meva eksporti 88 foizga kamaydi © Atlas Obscura

2026-yil aprel–sentabr oylarida Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlari orqali 210 million dollarlik mahsulot eksport qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravardan ko‘proqni tashkil etdi. Biroq shu vaqt ichida Afg‘onistondan barcha mamlakatlarga yangi meva eksporti hajmi og‘irlik bo‘yicha 88 foizga kamaydi. Bu haqda Jahon bankining noyabr oyida e’lon qilingan hisobotida ma’lum qilindi.

2025-yilning oktabr oyida Pokiston bilan asosiy chegara o‘tish punktlari yopilganidan keyin Afg‘onistonga olib kiriladigan mahsulotlarning katta qismi Markaziy Osiyo orqali yetkazila boshlandi. Jahon banki Afg‘oniston bojxona ma’lumotlarini tahlil qilib, 2026-yil aprel–sentabr oylarida Markaziy Osiyo davlatlarining mamlakat importidagi ulushi qiymat jihatidan 42,2 foizga yetganini aniqladi. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 27,2 foiz edi.

Qozog‘iston 2026-yilning dastlabki yetti oyida Afg‘onistonga 215,6 million dollarlik un sotdi. Shuningdek, mamlakat Afg‘oniston orqali Pokistondagi portlarga chiqadigan temiryo‘l yo‘nalishlarini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Pokiston bilan chegara yopilishidan oldin Afg‘oniston eksport qilgan yangi mevalarning og‘irlik jihatidan 96 foizini aynan shu mamlakat sotib olgan. Masalan, uzum va qovun kabi mahsulotlarning bir kilogrammi 28–31 sent atrofida baholangan. Ularni samolyotda tashish yoki uzoqroq avtomobil yo‘llari orqali yetkazish xarajatlari yuqori bo‘lgani sababli, boshqa uzoq bozorlarga eksport qilish fermerlar uchun foydasiz bo‘lib qolgan.

Boshqa transport yo‘nalishlari orqali yangi mevalar eksportining yo‘qotilgan hajmining atigi 9 foizini qoplashga muvaffaq bo‘lindi. Sabzavot eksportidagi yo‘qotishlarni esa boshqa yo‘nalishlar orqali umuman qoplab bo‘lmadi.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, olti oy ichida qariyb 490 ming tonna yangi meva va sabzavot o‘zining tashqi bozoridan ayrilgan. Afg‘onistonning umumiy oziq-ovqat eksporti ham keskin kamaygan: avvalgi 745 ming tonnadan 200 ming tonnagacha tushgan. Bu qariyb 73 foizlik pasayish demakdir.

Afg‘onistonlik fermerlar olma va anor hosilini yig‘ishayotgan paytda ham Pokiston bilan chegara yopiq edi. Ocharchilikni erta ogohlantirish tizimlari tarmog‘i (FEWS NET) oktabr oyidagi hisobotida joylardan olingan ma’lumotlarga tayanib, bu yilgi meva hosili o‘tgan yilgidan ko‘proq bo‘lganini qayd etdi.

Markaziy Osiyo davlatlariga meva sotish fermerlarga mahsulot narxini ma’lum darajada saqlab qolishga yordam berdi. Shunga qaramay, Pokiston bilan savdo aloqalarining uzilishi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi aholining daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston afg‘on mahsulotlarini Markaziy Osiyo va Rossiya bozorlariga chiqarishda ko‘maklashishi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid