Bahodir Jo‘rayev «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisi etib tayinlandi
Jo‘rayev yangi lavozimda 23-noyabr kuni energetika vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Abdumalik Nazirov o‘rnini egalladi.
© Energetika vazirligiBahodir Ibragimovich Jo‘rayev «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Yangi lavozimda u 23-noyabr kuni energetika vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Abdumalik Nazirov o‘rnini egalladi. Bunga qadar Jo‘rayev 2023-yilning iyulidan buyon «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Mehnat faoliyati
Bahodir Jo‘rayev 1966-yil 3-dekabrda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. 1990-yilda Toshkent davlat politexnika institutini elektr stansiyalari yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
U 2006−2009-yillarda «O‘zbekenergo» davlat aksiyadorlik jamiyati «Navoiy IES» ochiq aksiyadorlik jamiyati direktori, 2009−2013-yillarda Navoiy shahar hokimi sifatida faoliyat yuritgan. Shuningdek, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasi va «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyatida ham qator lavozimlarda ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov lavozimidan ozod qilgani haqida xabar berilgandi.





