add

O‘zbekiston Kuvaytdan aviayoqilg‘i xarid qiladi

O‘zbekiston va Kuvayt aviayoqilg‘i yetkazib berish, meva-sabzavot eksporti va investitsiya hamkorligini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

O‘zbekiston Kuvaytdan aviayoqilg‘i xarid qiladi

O‘zbekiston Kuvayt bilan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish doirasida milliy aviakompaniyalar uchun aviayoqilg‘i xarid qilishni rejalashtirmoqda. Bu masala investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning 13–15-dekabr kunlari Kuvaytga amalga oshirgan tashrifi davomida asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida muhokama qilindi.

Tashrif davomida Qudratov Kuvayt hukumati, yirik sanoat kompaniyalari, biznes doiralar va moliya tashkilotlari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda neft-gaz va neft-kimyo sohalari, logistika tizimini rivojlantirish hamda o‘zaro savdo hajmlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvlarda Kuvayt neft vaziri va Kuwait Petroleum Corporation rahbari Tarek Sulaymon al-Rumiy, shuningdek, savdo va sanoat vaziri Xalifa al-Askar ishtirok etdi. Tomonlar Kuvayt tomonidan o‘zbekistonlik aviakompaniyalarga aviayoqilg‘i yetkazib berish imkoniyatlarini, shu bilan birga, O‘zbekistondan Kuvayt bozoriga meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish masalasini muhokama qildi.

Eksport jarayonlarini soddalashtirish maqsadida mahsulotlarni sertifikatlash bo‘yicha laboratoriyalarni o‘zaro akkreditatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Bu o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun Kuvayt bozoriga chiqishni tezlashtirishi kutilmoqda.

Kuvayt moliya vaziri, shuningdek, elektr energiyasi, suv resurslari va qayta tiklanuvchi energetika vaziri lavozimlarini ham bajarayotgan Sabix Abdulaziz al-Muxayzim bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar “Fors ko‘rfazi davlatlari — Markaziy Osiyo” taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish tashabbusini ham ko‘rib chiqdi.

Al-Muxayzim yashil energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida qo‘shma loyihalar uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, fan va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

The Times Kuwait nashriga ko‘ra, Laziz Qudratov neft-kimyo va qurilish sohalarida ham aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirgan. Shuningdek, Kuvaytda O‘zbekistonning savdo vakili ish boshlashi rejalashtirilmoqda.

Vazir Samarqanddan Kuvaytga pilot tovar yetkazib berish 15 kunda amalga oshirilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron portlari orqali Kaspiy dengizi yo‘nalishidan foydalanish yetkazib berish muddatini 7–8 kungacha qisqartirishi mumkin.

Tashrif doirasida O‘zbekiston–Kuvayt biznes-forumi o‘tkazilib, elektron tijorat, islom moliyasi, qurilish va tibbiyot sohalarida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Teglar

Mavzuga oid