
O‘zbekiston kuz-qish mavsumida ko‘mir ishlab chiqarishni 10 mln tonnaga yetkazmoqchi
2025/2026 yillar kuz-qish mavsumida aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash, mahsulot tannarxini tushirish rejalashtirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni ko‘mir qazib chiqarishda erishilgan natijalar va kelgusi vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda aytilishicha, kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha muassasalari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash maqsad qilingan.
Shu bois energetikaning barcha tarmoqlari qatori ko‘mir sanoatida ham yangi loyihalar amalga oshirilmoqda, ishlab chiqarish quvvatlari va hajmlari ko‘paytirilmoqda.
Xususan, 2024/2025 yillar kuz-qish mavsumida qariyb 8,7 mln tonna ko‘mir qazib olinib, issiqlik elektr stansiyalari, budjet tashkilotlari va aholiga yetkazib berildi.
Taqdimotda 2025/2026 yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna ko‘mir ishlab chiqarish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
«Buning uchun „O‘zbekko‘mir“ korxonalarining moddiy-texnik bazasi kuchaytirildi, sohada qo‘shimcha ishlab chiqaruvchilarning faoliyati uchun sharoitlar yaratildi», — deyiladi xabarda.
Prezident mavsum davomida aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, sohada bozor tamoyillari hamda raqobatni rivojlantirib, mahsulot tannarxini tushirish muhimligi qayd etildi.
Taqdimotda uran yo‘nalishidagi yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, geologiya-qidiruv ishlarining ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.





