add

O‘zbekiston mahsulotlari uchun Pokiston portida yangi eksport imkoniyati yaratilmoqda

O‘zbekiston mahsulotlarini xalqaro bozorlarga chiqarish imkoniyatlari yanada kengaymoqda. Joriy yilda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Pokistondagi O‘zbekiston elchixonasi hamkorligida o‘zbek tadbirkorlari delegatsiyasi Karachi portiga rasmiy tashrif buyurdi

O‘zbekiston mahsulotlari uchun Pokiston portida yangi eksport imkoniyati yaratilmoqda
Tashrifdan asosiy maqsad — o‘zbek mahsulotlarini Karachi porti orqali eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirish, logistika shart-sharoitlarini yaxshilash va yangi hamkorlik yo‘llarini ishlab chiqishdir. Karachi porti Pokistonning eng yirik dengiz porti va Janubiy Osiyodagi muhim logistika markazlaridan biri hisoblanadi. Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi port ma’muriyati va logistika kompaniyalari bilan muzokaralar olib bordi. Ular bojxona, tranzit va yuk tashish jarayonlari bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Port rahbariyati o‘zbek mahsulotlarini qabul qilish va qayta yuklash uchun barcha infratuzilmalar tayyor ekanini ta’kidladi. Muzokaralarda o‘zbek tovarlari uchun port hududida maxsus ombor tashkil etish taklifi ilgari surildi. Bu taklif mahsulotlarni vaqtincha saqlash, tranzit jarayonlarini yengillashtirish va logistika xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi. Shu orqali o‘zbek mahsulotlarining xalqaro bozorlarga chiqishi tezlashishi kutilmoqda. Port ma’muriyati o‘zbek to‘qimachilik, meva-sabzavot, charm, kimyo va qurilish materiallariga katta qiziqish bildirdi va ularning xalqaro raqobatbardoshligini alohida qayd etdi. Shuningdek, tadbirkorlarga konteyner parki, raqamlashtirilgan bojxona va yuk kuzatuv tizimlari haqida ham keng ma’lumotlar berildi. Karachi portiga ushbu tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash hamda yangi eksport darvozalarini ochishda muhim qadam bo‘ldi. Savdo-sanoat palatasi bu yo‘nalishda amaliy ishlar boshlanganini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid