
O‘zbekiston Markaziy banki kriptovalyutalarni zaxiralarga kiritishni ko‘rib chiqmayapti — regulyator
19.09.2025 | 23:0028553
Regulyatorga ko‘ra, kriptovalyutalarning yuqori volatilligi xalqaro aktivlar barqarorligiga ta’sir qilishi mumkin.

Markaziy bank kriptovalyutalarni oltin-valyuta zaxiralariga kiritish g‘oyasini rad etdi. Bu haqda Spot regulyatorning Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti rahbari Sanjar Valiyevga tayanib, ma’lum qildi,
«Mamlakat rivojlangani sari turli valyutalar va aktivlar, jumladan, kriptovalyutalar ham kiritila boshlandi. Lekin biz bunga hali tayyor emasmiz: yuqori volatillik oltin-valyuta zaxiralariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kriptovalyutalarning spekulyativ xususiyati tufayli ularni zaxiralarga kiritish maqsadga muvofiq emas. Boshqa davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, ular turli instrumentlarni sinovdan o‘tkazib, zaxiralarni yetarlicha diversifikatsiya qilgandan keyingina bunga kelishgan», - degan u.
Sanjar Valiyevning ta’kidlashicha, Markaziy bank kriptovalyutalar qiymatining keskin o‘zgarishi sababli ularni oltin-valyuta zaxiralariga kiritish masalasiga juda ehtiyotkorlik bilan yondashishi kerak, bu esa xalqaro aktivlar barqarorligini saqlash maqsadiga ziddir. Boshqa ko‘plab regulyatorlar ham kriptoaktivlarni sotib olishdan voz kechishga moil, deya qo‘shimcha qilgan u.
Markaziy bank departamenti rahbari dunyoda raqamli aktivlarni erkin sotib olish va sotish imkonini beradigan yetarli likvidlik va ishtirokchilar soniga ega to‘laqonli kriptovalyuta bozori mavjud emasligini ta’kidlagan.
«Ha, aytish mumkinki, so‘nggi paytlarda kripto bozori ishonch tarzda o‘sib bormoqda. Biroq, bu zaxiraga kiritilgan boshqa aktivlar bilan taqqoslab bo‘lmaydigan darajada. Bu mutlaqo nomutanosib narsalardir», - deya xulosa qildi Valiyev.





