
O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi ta’lim yetakchisiga aylandi — dunyo buni tan oldi
18.06.2025 | 21:0034522
“THE Impact Rankings” xalqaro reyting agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning 12 ta oliy ta’lim muassasasi dunyodagi Top-1000 ta universiteti qatoriga kirdi. Mamlakat mintaqadagi mutlaq yetakchiga aylandi.

18 iyun kuni e’lon qilingan “THE Impact Rankings 2025” xalqaro reytingida O‘zbekistonning 59 ta oliy ta’lim muassasasi qayd etildi. Ularning 12 tasi dunyodagi Top-1000 universitet ro‘yxatiga kirgan. Shu tariqa, O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Kavkazdagi reyting natijalari bo‘yicha mutlaq yetakchiga aylandi.
Baholashda BMTning 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlariga oliygohlarning qo‘shgan hissasi e’tiborga olingan.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti va TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti reytingning 201–300 diapazonida eng yuqori o‘rinlar bandida qayd etildi. Qolgan 9 ta universitet esa 301–1000 o‘rin orasida joy oldi. Ular orasida Samarqand, Buxoro va Navoiy shaharlaridagi OTMlar bor.
Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilda e’lon qilingan “THE Impact Rankings” reytingidan mamlakatning 12 ta, 2023 yilda 47 ta , 2024 yilda esa 53 ta oliy ta’lim muassasasi o‘rin egallagan.





