
O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga 200 ming dollarlik mahsulot eksport qilmoqchi
25.06.2025 | 17:2024483
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Mo‘g‘ulistonga eksport qilishni kengaytirmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qilishicha, dastlabki bosqichda \$200 minglik mahsulot yetkazib berish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Mo‘g‘ulistonning Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Jadambe Enxbayar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar yangi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan kelishuvlarga erishdi.
Mo‘g‘ulistonda sug‘oriladigan yerlar jami yerlarning bir foizinigina tashkil qilishi qayd etildi. O‘zbekiston bu sohadagi tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekani bildirildi. Sabzavot, poliz mahsulotlari, kartoshka va g‘alla yetishtirish bo‘yicha hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Boshlang‘ich bosqichda Mo‘g‘ulistonga 15 turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari sinov tariqasida yuboriladi. Ularning natijalari ijobiy bo‘lsa, eksport hajmi kengaytiriladi. Shuningdek, «O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston do‘stlik bog‘i» doirasida 10 ming dona ko‘chat yetkazib beriladi.
O‘zbekiston tomoni sug‘orish texnologiyalari bo‘yicha 25 ming dollarlik yordam ko‘rsatishni va’da qildi. Bu tizimlar 10 gektar maydonda joriy etiladi. Mo‘g‘ulistonlik mutaxassislar O‘zbekistonga tashrif buyurib, tajriba o‘rganadi.
Ta’lim va ilmiy tadqiqot yo‘nalishida ham hamkorlik kengaymoqda. 50 nafar o‘zbekistonlik talaba Mo‘g‘ulistonda o‘qishi, 10 nafar professor esa Samarqandda amaliyot o‘tashi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 100 ming bosh qo‘y va echkini Mo‘g‘uliston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yo‘lagidan foydalangan holda yetkazib berish masalasi muhokama qilinmoqda.





