
O‘zbekiston mudofaa tizimida kelgusi 4 yil uchun yangi maqsadlar belgilanadi
«O‘zbekiston–2030» strategiyasi doirasida Qurolli kuchlar qudrati, raqamlashuv va harbiylar ijtimoiy himoyasi qator ko‘rsatkichlar belgilanmoqda.

«O‘zbekiston–2030» strategiyasi loyihasida mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanmoqda. Hujjatda Qurolli kuchlar imkoniyatlarini mustahkamlash, boshqaruv samaradorligini oshirish va inson kapitaliga investitsiya kiritish ustuvor vazifalar sifatida qayd etilgan.
Ushbu loyihada Qurolli kuchlar rezervi uchun safarbarlik resurslarini kengaytirish maqsadida har yili rezervdagi harbiy xizmatga majburlarning o‘rtacha 2,6 foizini harbiy yig‘inlarga jalb etish rejalashtirilgan. Bu orqali 2030 yilga qadar ushbu ko‘rsatkichni jami 13 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya faoliyatiga himoyalangan avtomatlashtirilgan boshqaruv va axborot tizimlarini joriy etish muhim yo‘nalish sifatida belgilangan. Zamonaviy aloqa va kriptografik himoya vositalari bilan ta’minlash, katta hajmdagi ma’lumotlar bazasini yaratish hamda axborot texnologiyalari va sun’iy intellektdan foydalanish orqali qo‘shinlarni raqamlashtirish darajasini 85 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini oshirish va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini kuchaytirish maqsadida qo‘shinlar 282 ta zamonaviy trenajyorlar bilan jihozlanadi. Olis garnizonlarga infomobillar ajratish, «Armiya va yoshlar – bir tan-u bir jon» tamoyili asosida to‘garaklar hamda harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini tashkil etish orqali qamrovni 675 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Kadrlar sohasida esa mudofaa va milliy gvardiya tizimida kadrlar hisobini to‘liq raqamlashtirish, yagona platforma yaratish va uni «Elektron hukumat» tizimi bilan integratsiya qilish vazifasi belgilangan.
Yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimini takomillashtirish doirasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 7500 nafar CHQBT rahbarlarining malakasini zamonaviy ta’lim standartlari asosida muntazam oshirish ham rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, ijtimoiy himoya yo‘nalishida esa Qurolli kuchlar harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 8500 nafar harbiy xizmatchi va pensionerlarni turar joy bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, davlat dasturi doirasida uy-joyning bir kvadrat metri uchun ajratiladigan mablag‘lar hajmini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan.





