add

O‘zbekiston Nipah virusi sabab Hindistondan aksar tovarlar importini to‘xtatdi

Bugun 19:302 daqiqa

Tovarlar importiga vaqtincha cheklov 2026 yil 29-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Nipah virusi sabab Hindistondan aksar tovarlar importini to‘xtatdi

Nipah virusining O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish maqsadida Hindistonning barcha hududlaridan tirik hayvonlar va qushlarni olib kirishga, shuningdek ushbu davlatning G‘arbiy Bengaliya shtatidan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi barcha turdagi tovarlar importiga vaqtincha cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangiriyev ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, tovarlar importiga vaqtincha cheklov 2026 yil 29-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

«Cheklov Nipah virusining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida o‘rnatildi», - deyiladi xabarda.

Xalqaro hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti (WOAH) xamda ochiq manbalarda e’lon kilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston Respublikasining G‘arbiy Bengaliya shtatida Nipax virusining tarqalishi bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgan.

Vaksina

Avvalroq, Nipah virusiga qarshi vaksina ishlab chiqilgani va u bo‘yicha ilk klinik sinovlar Belgiyada boshlanishi haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston ham mazkur virus sabab Hindistondan hayvon importini to‘xtatgan.

O‘zbekistonliklarga tavsiyalar

Sanepidqo‘mitaga ko‘ra, ushbu kasallikni O‘zbekistonga kirib kelish ehtimol juda past bo‘lsada Hindistonga borishga chog‘langan fuqarolarga mazkur virusdan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish muhim.

• shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish;

• qo‘llarni sovun bilan yaxshilab yuvish;

• antiseptik vositalardan foydalanish;

• mevalar va sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval yuvish;

• tekshirilmagan suvni ichmaslik.

• asosiysi ko‘rshapalaklar tirnashi yoki tishlashi natijasida teshilgan mevalarni iste’mol qilmaslik.

Agar yuqori harorat, kuchli bosh og‘rig‘i, qo‘ng‘iroq yoki boshqa kasallik belgilari paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

Nipah virusi nima?

Nipah zoonoz kasallik bo‘lib hayvonlardan insonga yuqadi masalan, ko‘rshapalaklardan. Shuningdek, zararlangan oziq-ovqat orqali va odamdan-odamga yuqishi ham mumkin.

Nipah virusi – bosh miya yallig‘lanishi yoki nafas yo‘llari kasalliklari bilan kechadigan jiddiy kasallikni keltirib chiqaradigan virus turi hisoblanadi.

So‘nggi yillarda NIPAH virusi epidemiyalari muntazam ravishda Hindistonda kuzatilmoqda, shu bilan birga inson kasalligi holatlari Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham ro‘yxatga olinadi.

Qachon aniqlangan?

Ilk bor 1999 yilda Malayziyadagi Nipah daryosi atrofida yashovchi cho‘chqa yetishtiruvchi fermerlar orasida Nipah virusi tarqalgan. O‘shandan buyon Janubiy Osiyoda bu kasallikning yana 12-marta avj olishi kuzatildi. 2018 yilda Hindistonning Kerala shtatida Nipah virusi tarqalib, 17 kishi halok bo‘lgan edi. 2021 yil sentabrda aynan shu shtatda yana bir marta epidemiya qayd etildi, oqibatda 12 yoshli bola vafot etdi va 11 kishida infeksiya belgilari aniqlandi. 2023 yil sentabrda Hindistonda virusning navbatdagi tarqalishi oqibatida yana ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Teglar

Mavzuga oid