
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo chempionatidan chetlatildi
27.08.2025 | 12:3028812
Toshkentda o‘tayotgan gandbol o‘yinlari bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi musobaqadan chetlatildi, uning guruhdagi barcha natijalari bekor qilindi.
Osiyo gandbol federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qaror terma jamoa tarkibidagi ayrim o‘yinchilar hujjatlarida noaniqliklar topilgani bois qabul qilingan. Qaror hal qiluvchi bahslar boshlanishiga bir kun qolganda e’lon qilindi va u musobaqa ishtirokchilari orasida katta rezonans keltirib chiqardi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston jamoasi o‘z ishtirokini davom ettira olmasligi ma’lum qilindi. Federatsiyaning bayonotida aytilishicha, turnir qoidalari va rasmiy reglamentga ko‘ra, hujjatlardagi rasmiy talablarga rioya etilmagan taqdirda jamoa musobaqadan chetlatilishi mumkin.
O‘zbekiston gandbol federatsiyasi esa ushbu qarordan rozi emasligini bildirdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, federatsiya Xalqaro gandbol federatsiyasiga apellyatsiya xatini yo‘llagan va uning ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Federatsiyaning qayd etishicha, terma jamoa qonuniy yo‘l bilan o‘z haq-huquqini himoya qilib chiqish niyatida.





