
O‘zbekiston, Ozarboyjon va Qozog‘iston «yashil» energiya uchun qo‘shma korxona tuzdi
06.07.2025 | 10:005113
O‘zbekiston, Ozarboyjon va Qozog‘iston Yevropaga «yashil» energiya yetkazib berish maqsadida Green Corridor Union qo‘shma korxonasini tashkil qildi. Loyiha energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanish uchun muhim qadam bo‘ladi.

O‘zbekiston, Ozarboyjon va Qozog‘iston Yevropaga «yashil» energiya yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni rasman boshladi. 1 iyul kuni ushbu mamlakatlar energetika kompaniyalari Green Corridor Union nomli qo‘shma korxonani tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Yangi korxona Boku shahrida ro‘yxatdan o‘tdi va uni Farhod Mamedov boshqarishga tayinlandi. Qo‘shma loyiha «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari», Ozarboyjonning «Azerenerji» va Qozog‘istonning KEGOC kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilmoqda.
«Mazkur loyiha mamlakatlarimizda energetik xavfsizlikni kuchaytirish va Yevropaga qayta tiklanuvchi energiya yetkazib berishda muhim rol o‘ynaydi», — deyiladi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ ma’lumotida.
2024 yil noyabr oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan COP-29 iqlim sammitida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon prezidentlari yashil energiya sohasida strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolagandi. Shu bitim asosida Yevropa yo‘nalishiga kabel infratuzilmasini rivojlantirish boshlandi.
O‘zbekiston 2030 yildan ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Qozog‘iston va Ozarboyjon orqali Yevropaga eksport qilishni rejalashtirmoqda. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilda mamlakatda 135 mlrd kWh energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga erishiladi va shundan 10-15 mlrd kWh qismi xorijga sotilishi mumkin.





