
O‘zbekiston pavilyoni Osaka EXPO–2025 ko‘rgazmasida oltin medalni qo‘lga kiritdi
14.10.2025 | 08:2211964
Osakadagi «EXPO 2025 Osaka, Kansai» xalqaro ko‘rgazmasi yakunlarida O‘zbekiston pavilyoni «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» nominatsiyasida nufuzli «BIE» oltin medali bilan taqdirlandi.

2025 yil 12 oktyabr kuni Yaponiyaning Osaka shahridagi «Shining Hat» Ekspo-hollida «EXPO 2025 Osaka, Kansai» ko‘rgazmasining yopilish marosimi va Butunjahon ko‘rgazmalar byurosi — BIE mukofotlarini topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston pavilyoni o‘z toifasidagi eng oliy mukofot — «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston paviloni 1500 m² gacha bo‘lgan pavilyonlar orasida ilg‘or deb topildi. Qaror 21 may kuni pavilyon faoliyati bilan tanishgan to‘qqiz nafar xalqaro ekspertdan iborat hakamlar hay’ati tomonidan qabul qilingan.
Mukofotlar besh toifadagi pavilyonlar o‘rtasida uchta asosiy yo‘nalish — «Arxitektura va landshaft», «Ko‘rgazma dizayni» va «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» bo‘yicha taqdim etildi. O‘zbekiston paviloni «Bilimlar bog‘i: kelajakdagi jamiyat uchun laboratoriya» konsepsiyasi bilan hakamlar va tomoshabinlar e’tiborini qozondi.
«Biz taqdim etgan g‘oyada an’analar va innovatsiyalar uyg‘unligi mujassam. Bu g‘oya jahon hamjamiyatida keng aks-sado berdi», — dedi Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva.U o‘z nutqida jamoa a’zolari va xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Ma’lumot uchun, BIE mukofoti 1928 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, EXPO doirasidagi eng ilg‘or va ilhomlantiruvchi loyihalarni e’tirof etish uchun beriladi. U ishtirokchi davlatlarning innovatsion g‘oyalari, zamonaviy texnologiyalari va madaniy merosini namoyon etgan eng yaxshi pavilyonlarni taqdirlaydi.





