
O‘zbekiston pomidor bozorida Turkmanistonga mag‘lub bo‘lyapti: eksport 4 yildirki pasaymoqda
28.06.2025 | 08:0017663
2025-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning issiqxonada yetishtirilgan pomidorlari eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga kamaygan.

Bu haqda EastFruit ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, eksport hajmi ketma-ket to‘rtinchi yil aynan ushbu davrda qisqarishda davom etmoqda.
EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, eksportning barqaror pasayishiga asosan O‘zbekiston tomonidan an’anaviy ravishda yetkazib beriladigan asosiy bozorlarda Turkmaniston pomidorlarining jadal kengayishi ta’sir ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston 2025-yilning dastlabki to‘rt oyida 8,9 ming tonna issiqxona pomidorini eksport qilgan. 2021-yilning shu davrida eksport eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan, so‘nggi to‘rt yilda esa eksport hajmi 3,5 barobar kamaygan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston issiqxona pomidorlari eksportining pasayishiga qo‘shimcha sabab sifatida Rossiya rublining qadrsizlanishi va bu davlat bozorida xarid qobiliyatining pasayishi ham qayd etilgan.
EastFruit, shuningdek, Turkmanistonda issiqxona xo‘jaliklarining faol kengayishi, ishlab chiqarish hajmining tez sur’atlarda o‘sishi va Turkmaniston pomidorlarining bozori O‘zbekiston issiqxona pomidorlarining 90 foizdan ko‘prog‘i eksport qilinadigan mamlakatlarda —Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyada g‘oyat tez kengayishi haqida ko‘plab hisobotlar ham e’lon qilgan.





