O‘zbekiston qishki Olimpiadani medalsiz yakunladi

19.02.2026 | 12:192 daqiqa

Qishki Olimpiadaning short-trek va tog‘ chang‘isi bahslarida qatnashgan o‘zbekistonlik vakillar o‘yinlarni medalsiz yakunladi.

O‘zbekiston qishki Olimpiadani medalsiz yakunladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Milan–Kortina–2026 qishki Olimpiya o‘yinlarini medalsiz yakunladi. Mamlakat sharafini short-trekchi Daniil Yeybog hamda tog‘ chang‘ichisi Medet Nazarov himoya qildi.

Daniil Yeybog

Short-trek bo‘yicha Daniil Yeybog 1500 metr masofada chorak final bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi. U o‘z guruhida 2 daqiqa 16.963 soniya natija bilan uchinchi bo‘lib marraga yetib kelib, yarim finalga yo‘llanma oldi. Keyinchalik «B» finalda qatnashgan sportchi beshinchi o‘rinni egalladi va umumiy hisobda 14-pog‘onada musobaqani yakunladi.

500 metr masofada ham u saralash bosqichidan o‘tdi. Biroq chorak finalda beshinchi bo‘lib yetib keldi va yarim finalga chiqa olmadi. Shu tariqa Yeybog Olimpiadadagi ishtirokini yakunladi.

Medet Nazarov

Tog‘a chang‘isi yo‘nalishida Medet Nazarov gigant-slalom dasturida ikki startni amalga oshirdi. Birinchi urinishda 1 daqiqa 25.75 soniya, ikkinchisida 1 daqiqa 21.14 soniya natija ko‘rsatdi. Jami 2 daqiqa 46.89 soniya bilan u 50-o‘rinni egalladi.

Slalom dasturida esa birinchi startda 1 daqiqa 7.51 soniya natija qayd etildi. Biroq ikkinchi urinishda u marraga yetib kela olmadi va musobaqani muddatidan avval tugatdi.

Ma’lumot uchun, saralash bosqichi yakunlariga ko‘ra, figurli uchishning juftlik dasturida Dmitriy Chigiryov va Yekaterina Geynish Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Biroq tayyorgarlik jarayonida Dmitriy Chigiryov jarohat olgani sabab musobaqagacha tiklana olmadi. Natijada O‘zbekiston delegatsiyasi qishki Olimpiadada faqat tog‘ chang‘isi va short-trek dasturlarida ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 1994-yilda Lillexammerdagi (Norvegiya) qishki Olimpiya o‘yinlarida tarixda ilk bor ishtirok etib, birinchi oltin medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Milliy terma jamoada 7 nafar sportchi, shulardan 4 nafarini ayollar tashkil etgan. O‘zbekiston tarixidagi birinchi Olimpiya chempioni chang‘i akrobatikasi musobaqalarida Lina Cheryazova fristaylning akrobatika turi bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Teglar

Mavzuga oid