O‘zbekiston–Qozog‘iston temiryo‘l yuk hajmi 60 mln tonnagacha oshadi

21.02.2026 | 14:002 daqiqa

2025 yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi temiryo‘l tashuvlari hajmi 32,3 million tonnani tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 16 foizga oshgan.

O‘zbekiston–Qozog‘iston temiryo‘l yuk hajmi 60 mln tonnagacha oshadi © Foto: t.me/Mintrans_uz

O‘zbekiston va Qozog‘iston temiryo‘l orqali yuk tashish hajmini 60 million tonnagacha yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu masala 16-fevral kuni ikki mamlakat transport vazirlari uchrashuvida muhokama qilindi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro temiryo‘l tashuvlari 32,3 million tonnani tashkil etdi. Bu 2024 yilga nisbatan 16 foizga ko‘p. Yuk oqimini yanada oshirish maqsadida Sariag‘ash, Oazis va Sirdaryo tutashuv punktlarida infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek Darboza—Maqtaaral uchastkasi qurilishini yakunlash bo‘yicha qo‘shma reja ishlab chiqilgan.

Hozirda Sariag‘ash orqali kuniga 36 juft poyezd harakatlanmoqda. Bu ko‘rsatkichni 40 juftgacha oshirish rejalashtirilgan. Oazis orqali 2 juft poyezd qatnamoqda, Darboza—Maqtaaral uchastkasi ishga tushgach, bu raqam 10 juftgacha yetadi. Sirdaryo orqali esa 10 juft poyezd o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

19-fevral kuni «O‘zbekiston temiryo‘llari» aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi Qozog‘istonga xizmat safari bilan borib, «Qozog‘iston temiryo‘llari» bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvlarda Sariag‘ash stansiyasida yuk aylanmasini oshirish, poyezdlarni qabul qilish va jo‘natish jarayonlarini takomillashtirish, chegara hududlarida o‘tkazuvchanlik quvvatini kengaytirish hamda hujjat aylanishini raqamlashtirish samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, delegatsiya Sirdaryo va Maqtaaral stansiyalarida bo‘lib, Sirdaryo–Maqtaaral uchastkasida yuk aylanmasini ko‘paytirish va raqamli hujjat aylanishini joriy etish bo‘yicha amaliy muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar ushbu choralar strategik hamkorlikni mustahkamlash va mintaqaning tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid