
O‘zbekiston–Qozog‘iston yuk poyezdi almashinuvi 35 juftga yetkaziladi
Tomonlar «Sariog‘och» o‘tkazish punkti orqali don va oziq-ovqat yuklarini uzluksiz tashish uchun kunlik poydezlar aylanmasini sezilarli oshirishga kelishib, logistik barqarorlikni ta’minlashni maqsad qildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston yuk poyezdlari almashinuvini kuniga 35 juftga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati ma’lum qildi.
7-dekabr kuni Toshkentdagi «Sariog‘och» o‘tkazish punktida ikki mamlakat vakolatli idoralari ishtirokida ko‘p tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Markaziy Osiyo va Afg‘oniston yo‘nalishlariga don yuklarini barqaror yetkazib berishning amaliy mexanizmlari muhokama qilindi. Tomonlar don tashishda harakatlanish jadvalini uyg‘unlashtirish va yuk oqimini optimallashtirish bo‘yicha yakuniy fikrga keldi.
Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston har kuni kamida 10 ta don tashuvchi vagondan iborat poyezdni va 5 ta oziq-ovqat yuki bilan keladigan yopiq vagon poyezdini qabul qiladi. Bu Qozog‘iston g‘allasi uchun barqaror tranzit koridorini shakllantiradi va bozorlarga o‘z vaqtida yetkazilish imkonini yaratadi.
Muzokarada, shuningdek, vagon aylanmasi samaradorligini oshirish maqsadida yuk tushirish infratuzilmasini to‘liq ishlatish, kirish yo‘llarini uzluksiz faoliyatda ushlash va bayram hamda dam olish kunlari ham vakolatli organlarning tun-kun ishlashini ta’minlash zarurligi qayd etildi. Bu choralar poyezd harakatida kechikishlar xavfini keskin kamaytirishi kutilmoqda.
Tomonlar eksport yuklarini rejalashtirishda O‘zbekistondagi don qabul qiluvchilar quvvati va bo‘sh vagonlar aylanmasi bilan uyg‘unlikni ta’minlashga kelishib oldilar. «O‘zbekiston temir yo‘llari» mazkur kelishuvlar mintaqaviy logistika zanjirlarining barqarorligini mustahkamlashini va Qozog‘iston g‘allasini O‘zbekiston hamda xalqaro bozorlarga o‘z vaqtida yetkazib berishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Joriy yilning 11 oyi davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi yuk tashish hajmi 28,5 million tonnani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 foiz ko‘p. Don tashish esa 32 foizga o‘sib, 5,6 million tonnaga yetgani qayd etildi.





