
O‘zbekiston quyosh va shamoldan 7 mlrd kWh elektr oldi. Gazga ta’siri bormi?
28.08.2025 | 20:4027783
Energetika vazirligiga ko‘ra, quyosh va shamol orqali ishlab chiqarilgan 7 mlrd kWh elektr energiyasi natijasida O‘zbekiston 2 mlrd metr kubdan ortiq gazni tejashga muvaffaq bo‘lgan.

Bugun, 28 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025 yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 7 mlrd kWhni tashkil qildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
«Bu o‘tgan vaqt mobaynida kuniga o‘rtacha 29,1 mln kWh elektr energiyasi quyosh va shamol elektr stansiyalaridan olindi, deganidir», - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mazkur generatsiyaning 4 mlrd 360,6 mln kWh qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 2 mlrd 639,4 mln kWh qismi esa shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan.
Buning natijasida 2 mlrd 100 mln metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishilgan. Atmosferaga 2 mln 940 ming tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.
«Qolaversa, joriy yil boshidan bugun, 28 avgust soat 16:00 ga qadar O‘zbekistondagi barcha gidroelektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 11 mlrd, 908,2 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu joriy yildagi jami generatsiyaning 21,5 foizini tashkil qiladi», - deyiladi xabarda.
Gidroelektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi natijasida 3 mlrd 600 mln metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishilgan. Atmosferaga 5 mln tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olingan.
Ma’lumot uchun, mazkur hajmdagi elektr energiyasi 7,4 million xonadonning sakkiz oylik yoki 4,9 million xonadonning bir yillik me’yoriy bazasini tashkil qiladi.





