add

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmasi yillar davomida qanday o‘zgardi?

14.07.2025 | 18:3028979

O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasining tuzilishi prezidentlik instituti ta’sis etilgandan buyon bir necha bor o‘zgartirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmasi yillar davomida qanday o‘zgardi?
1990 yil: Prezidentlik institutining ta’sis etilishi 1990 yil O‘zbekiston tarixida siyosiy boshqaruv tizimining tubdan o‘zgarishiga zamin yaratgan yildir. Shu yili mamlakatda birinchi marta Prezidentlik instituti joriy qilindi. Bu sovet ittifoqi tarkibida bo‘lgan ittifoqdosh respublikalarning o‘z davlat boshqaruv tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish harakatlari fonida yuzaga keldi. 1991 yilda O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng, davlat boshqaruvi tizimida Prezident devoni tashkil etildi. Bu davrda devon Prezident farmonlarini ishlab chiqish, nazorat qilish, vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullandi. Prezidentlik institutining ta’sis etilishi esa sovetcha modelidagi kollektiv boshqaruvdan voz kechib, ijro hokimiyatini shaxsiy javobgarlik tamoyiliga asoslangan holda kuchaytirish uchun qilinayotgan ilk urinish edi. 1996 yilda Prezident devoni tarkibi takomillashtirilib, unda  axborot, tashqi siyosat, iqtisodiy masalalar, huquqiy muammolar bo‘yicha bo‘linmalar shakllantirildi. 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi prezidenti Islom Karimov  qabul qilgan farmon asosida devonning tashkiliy tuzilmasi qayta ko‘rib chiqildi. Bu islohotlar mamlakatda kuchayib borayotgan ichki ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga javoban amalga oshirildi va devonning amaliy-siyosiy faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan edi.   2019 yil: Rasmiy tashkil etilishi 2019 yil 26 avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmon qabul qilindi. Shu bilan Administratsiya rasmiy ravishda tashkil etilib, uning asosiy vazifalari belgilandi. U Prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishga ko‘maklashish, davlat siyosatini shakllantirish, qonuniylikni ta’minlash, fuqarolar bilan muloqotni tashkil etish kabi keng qamrovli funksiyalarni o‘z zimmasiga oldi. Farmonga muvofiq, Administratsiya rahbari lavozimiga Zaynilobiddin Shaxobbidinovich Nizomiddinov tayinlandi. U shu munosabat bilan Prezident maslahatchisi — Ijro etuvchi apparati rahbari lavozimidan ozod qilindi. Shuningdek, Prezidentning davlat maslahatchisi — ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat, san’at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Xayriddin Madriddinovich Sultonov Prezident maslahatchisi — spichrayteri (nutqlarini yozib beruvchi) lavozimiga tayinlandi va avvalgi lavozimidan ozod etildi.   2019 yil: Tuzilmaviy yangilanishlar 2019 yilda Prezident Administratsiyasi tarkibida yangi lavozimlar va departamentlar tashkil etildi. Masalan, Prezident maslahatchilari soni oshirildi, huquqiy ekspertiza va tahlil qilish bo‘limlari faoliyati kuchaytirildi. Unga ko‘ra, Shuhrat G‘aniyev va Doniyor Qodirov prezident maslahatchilari sifatida tayinlandi. Shu bilan birga, Odil Abdurahmonov eski maslahatchi lavozimidan ozod qilinib, departament rahbari sifatida ishlashga o‘tkazildi. Qahramon Quronboyev esa o‘rinbosar lavozimidan departament boshlig‘iga ko‘tarildi. Yangi farmonga muvofiq, kamida oltita maslahatchi lavozimi tashkil etilib, ularning har biri uchun alohida departament yaratilgan. Shu tarzda, rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari esa bekor qilindi. 2019-2022 yillarda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri sifatida faoliyat yuritgan Sardor Umrzoqov 2022- yil 16 июлда O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlangan. 2023- yil 17 августда davlat rahbarining maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlanishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan. Shu bilan birga, Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi tugatilgan.   2023 yil: Tuzilmani tubdan o‘zgartirish 2023 yil 17 avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Prezident Administratsiyasi tuzilmasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmon imzolandi. Ushbu o‘zgarishlarda Administratsiya rahbari va uning o‘rinbosarlari lavozimlari tugatildi, maslahatchilar soni 9 tadan 11 taga oshirildi. Yangi tuzilma Prezident faoliyatini yanada samarali qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Xususan,Saida Shavkatovna Mirziyoyeva 2023 yil avgustida Prezident yordamchisi lavozimiga tayinlandi. 2025 yilning 14 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon imzolandi. Ushbu farmonga muvofiq, Prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Natijada Administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi. Farmonga asosan, endilikda Prezident Administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Bular — ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalaridir. Ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid