add

O‘zbekiston Rossiyadagi yadroviy tadqiqot reaktori konsorsiumiga qo‘shildi

17.07.2025 | 12:1510063

Moskvada imzolangan bitim O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida yangi ilmiy hamkorlikni boshlab berdi.

O‘zbekiston Rossiyadagi yadroviy tadqiqot reaktori konsorsiumiga qo‘shildi
O‘zbekiston Rossiyada qurilayotgan ilg‘or yadroviy tadqiqot reaktori konsorsiumiga a’zo bo‘ldi. Bu haqda «Atom media» axborot agentligi ma’lum qildi. Mazkur hamkorlik 16 iyul kuni Moskvadagi «Atom» muzeyida rasmiylashtirildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Yadro fizikasi instituti Rossiyaning Dimitrovgrad shahrida qurilayotgan to‘rtinchi avlod ko‘p maqsadli tezkor tadqiqot reaktori (KMTTR) konsorsiumiga qo‘shildi. Reaktorni qurish ishlari «Rosatom» tarkibidagi Atom reaktorlari ilmiy tadqiqot instituti tomonidan olib borilmoqda va u «Yangi atom va energetika texnologiyalari» milliy loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. KMTTR konsorsiumi bosh direktori Vasiliy Konstantinov va Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sadiqov bitimga imzo chekdi. Konstantinovning ta’kidlashicha, bu kabi zamonaviy reaktorlar fundamental fanni rivojlantirish, zarrachalar harakati, simmetriya va kuchlar tabiati, shuningdek, yangi modda holatlarini o‘rganish imkonini beradi. O‘z navbatida, Ilhom Sadiqov ham bu hamkorlik O‘zbekistondagi ilmiy salohiyatni kuchaytirish, yetakchi laboratoriyalar bilan tajriba almashish va yangi g‘oyalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyat yaratishini ta’kidladi. Ma’lumot uchun, avvalroq O‘zbekiston 2029 yilda ilk atom elektrostansiyasi uchun yoqilg‘i qabul qilishi xabar qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid