
«O‘zbekiston tajribasi»: Rossiyada ham IMEIʼni ro‘yxatdan o‘tkazish pulli bo‘lishi mumkin
Rossiyada smartfonlarni yagona IMEI bazasida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda, rasmiy import uchun qat’iy to‘lov, «xufyona» bozor uchun esa qiymatga bog‘liq yig‘im joriy etilishi mumkin.

Rossiyada mobil qurilmalarni yagona IMEI-raqamlar bazasida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish rejasi muhokama qilinmoqda. Rossiya Raqamli taraqqiyot vazirligi ma’lum qilishicha, ushbu jarayon uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etilishi mumkin.
Vazirlikda aytilishicha, hozirda bir nechta model ko‘rib chiqilmoqda. Rasmiy tarzda import qilingan smartfonlar uchun kichik qat’iy to‘lov belgilanishi mumkin, «xufiyona» yo‘llar orqali olib kirilgan qurilmalar uchun esa to‘lov smartfon qiymatining ma’lum foizi sifatida hisoblanadi. To‘lov miqdori va tartibi alohida hukumat qarori bilan belgilanishi kutilmoqda.
IMEI bazasini yaratish tashabbusi telefon firibgarligiga qarshi yangi choralar paketi doirasida ilgari surilmoqda. Unga ko‘ra, aloqa operatorlari har bir qurilmaning IMEI raqamini abonent raqami bilan bog‘lab, yagona platformaga uzatadi. Raqamli taraqqiyot vaziri o‘rinbosari Dmitriy Ugnivenkoning ta’kidlashicha, bu chora SIM-kartalarning noqonuniy maqsadlarda, jumladan dronlarda qo‘llanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Manbalarga ko‘ra, IMEI raqamini abonent bilan bog‘lash talabi 2027 yildan kuchga kirishi mumkin. 2028 yildan esa faqatgina bazaga kiritilgan qurilmalar mobil tarmoqlarda ishlaydi. Ro‘yxatdan o‘tmagan smartfonlarda SIM-karta ishlamaydi.
Yig‘ilgan mablag‘lar federal byudjetga yoki universal xizmat jamg‘armasiga yo‘naltirilishi mumkin. Ushbu jamg‘arma qishloq hududlarida bazaviy stansiyalar qurilishini moliyalashtiradi.
Bozor ishtirokchilariga ko‘ra, Rossiyada «xufiyona» smartfon bozori hajmi 1 trln rubldan oshadi. Ayniqsa, premium segmentda qurilmalarning yarmidan ko‘pi noqonuniy yo‘llar bilan olib kiriladi. Ayrim ekspertlar bu chora bozorni «oqartirish»ga yordam berishi mumkinligini aytsa, boshqalar IMEI bazasining ishdan chiqishi aloqa tarmoqlarini falaj qilishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.





