add

O‘zbekiston talabalari Rossiyaning xavfli hududiga yuborilayotgani aytilmoqda

12.08.2025 | 14:309914

Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabalari Rossiyaning harbiy holat e’lon qilingan Nijniy Novgorod viloyatiga o‘qishga majburiy yuborilayotgani haqida xabar tarqaldi.

O‘zbekiston talabalari Rossiyaning xavfli hududiga yuborilayotgani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, Toshkent davlat tibbiyot universiteti (oldingi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ning bir guruh talabalari Rossiya Federatsiyasining Nijniy Novgorod shahridagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga yuborilmoqda. Mazkur shaharda harbiy holat e’lon qilingan bo‘lib, u so‘nggi kunlarda Ukraina hujumlariga uchragan hudud sifatida qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 11 avgust kuni Nijniy Novgorod viloyatida joylashgan sanoat zonasiga Ukraina tomonidan zarba berilgan. Hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana ikki nafar fuqaro shifoxonaga yotqizilgani rasmiy ma’lumotlarda qayd etilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda oldingi rektor o‘qishni Qozog‘istonga ko‘chirishni va’da qilgani, ammo yangi rektor Shuhrat Baymuradov bu qarorni amalga oshirishdan bosh tortgani aytiladi.
«Talabalar oldiga shart qo‘yildi: yoki Rossiyaga ketasiz, yoki o‘qishingiz bekor qilinadi. Bu haqda yaqinda ma’lum qilindi – chunki xususiy tibbiyot universitetlari ko‘chirma talabalarni qabul qilishni to‘xtatgani sababli, talabalar alternativasiz qolishdi», deyiladi hali rasman tasdiqlanmagan xabarlarda.
Vaqt.uz mazkur holatga izoh olish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova bilan bog‘landi. U vaziyat o‘rganilayotganini va qo‘shimcha ma’lumotlar universitetning rasmiy sahifasida e’lon qilishini ma’lum qildi. Bir necha daqiqadan so‘ng berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, institut rahbariyati bu xabarlarni yolg‘on va asossiz deb baholadi. Video orqali murojaat qilgan talabalar xalqaro hamkorlik doirasidagi qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6 iyuldagi 421-son qarori asosida ular 4 va 5-kursni Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida joylashgan Privoljsk tibbiyot tadqiqot universitetida (PIMU) o‘qib tugatish majburiyatini olgan.

Teglar

Mavzuga oid