
O‘zbekiston tashabbusi bilan bugun BMT bosh qarorgohida yuqori darajadagi forum bo‘lib o‘tadi
24.09.2025 | 09:4011523
O‘zbekiston tashabbusi bilan bugun BMT bosh qarorgohida bolalar saratoni va og‘ir kasalliklarga qarshi kurashga bag‘ishlangan yuqori darajadagi forum tashkil etiladi.

23 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan muloqotda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda sheriklik masalalari muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish uchrashuvi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratildi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston va BMT o‘rtasida 160 dan ortiq dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.
Oktyabr oyida besh yilga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturini imzolash rejalashtirilgan. Keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 13 ta rezolyutsiyani qabul qildi. Shuningdek, mamlakat EKOSOS, Inson huquqlari qo‘mitasi va Statistika komissiyasi kabi nufuzli tuzilmalarga a’zo etildi.
Shu bilan birga, Samarqand shahrida YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Antoniu Guterrish Mirziyoyevning Bosh Assambleya minbaridan bildirgan tashabbuslarini yuksak baholab, ularning global hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida ikki tomon ustuvor yo‘nalishlarda yangi dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida global nizolar, yangi tahdidlar va O‘zbekistondagi islohotlar haqida qat’iy va ochiq nutq qildi.





