
O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarboyjon yetakchilarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
22.08.2025 | 18:2012144
«Avaza» milliy turizm zonasida uch davlat yetakchilari uchrashuv o‘tkazib, savdo, transport, energetika va gumanitar sohalarda hamkorlikni muhokama qildi. Sammit yakunida esa muhim hujjatlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida Gurbanguli Berdimuhamedovni BMT anjumani muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi, Ilhom Aliyevni esa Armaniston bilan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani munosabati bilan qutladi.
Uchrashuvda mamlakatlarning tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish muhimligi qayd etildi. Xitoydan Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropaga olib chiqadigan transqit’aviy yo‘laklarni rivojlantirish rejalari muhokama qilindi. Bu jarayonda Xitoy–O‘zbekiston temir yo‘li va Transafg‘on yo‘lagi kabi loyihalar muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston infratuzilmadan samarali foydalanish uchun yuk tashish tariflarini pasaytirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, portlarda zamonaviy logistika tizimini rivojlantirish, raqamlashtirish va yuk nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Energetika sohasida «yashil» energiyani Yevropaga yetkazib berish istiqbolli yo‘nalish sifatida qayd etildi. Kaspiy dengizida uglevodorod konlarini qidirish va o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorlik taklif qilindi.
Savdo-iqtisodiy sohada so‘nggi yillarda tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshgani ta’kidlandi. Sanitariya talablarini uyg‘unlashtirish, raqamli markirovka va elektron platformalar yaratish orqali hamkorlikni yanada kengaytirish rejalashtirildi.
Gumanitar sohada turizm va madaniy almashinuv dasturini qabul qilish orqali xalqlar o‘rtasida yaqinlikni mustahkamlash taklif etildi. Uchrashuv yakunida «yo‘l xaritasi» tayyorlash va vazirlar darajasida qo‘shma mexanizm ishga tushirishga kelishildi.
Sammit yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Gurbanguli Berdimuhamedov va Ilhom Aliyev Qo‘shma bayonot qabul qildi. Transport, logistika, kemasozlik, aviatsiya va tovar-xomashyo birjalari sohalarida hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.





