add

O‘zbekiston uy-joy bozorida ikkinchi chorakda qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

30.08.2025 | 18:0010654

Ikkinchi chorak mobaynida birlamchi bozordagi uylar narxi ayrim hududlarda 8,6 foizgacha oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida 8,2 foizlik pasaydi. 

O‘zbekiston uy-joy bozorida ikkinchi chorakda qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi hisobotida qayd etilishicha, birlamchi bozorda Jizzax viloyati (+8,6 foiz), Xorazm (+5 foiz) va Surxondaryo (+3,2 foiz)da uy narxlari ko‘tarilgan. Shu bilan birga, Toshkent shahrida (-8,2 foiz) va Toshkent viloyatida (-5,7 foiz) pasayish davom etmoqda. Poytaxt tumanlarida ham pasayish ko‘rindi. Mirzo-Ulug‘bek (-5,3 foiz), Olmazor (-4,4 foiz) va Sergeli (-4,5 foiz)da narxlar eng ko‘p kamaydi. Mirobod (-0,8 foiz) va Yashnobod (-0,4 foiz)da esa tushish nisbatan past bo‘ldi. Toshkentdagi eng arzon uy-joylar Bektemir tumanida (10,2 mln so‘m/m²), eng qimmatlari esa Mirobod (17,1 mln so‘m/m²) va Shayxontohur (16,2 mln so‘m/m²) tumanlarida qayd etildi. Ikkilamchi bozorda ham turli holat kuzatildi. Qoraqalpog‘istonda (+9,6 foiz), Xorazmda (+4,2 foiz) va Sirdaryoda (+3,7 foiz) narxlar oshgan. Toshkent shahrida esa ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar ikkinchi chorakdir pasayishda davom etmoqda, bu safar 2,5 foizga kamaydi. Mirobod tumanida biroz o‘sish qayd etildi. Ijara rentabelligi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Namangan (12 foiz), Farg‘ona (11,1 foiz) va Andijon (10,1 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Eng past daraja Navoiy (6,4 foiz), Buxoro va Samarqand (6,8 foiz)da kuzatildi. Ijara bozorida esa o‘rtacha 3,1 foizlik tushish ro‘y berdi. Andijon (-10,3 foiz) va Navoiy (-9,2 foiz)da pasayish katta bo‘lsa, Surxondaryo (+7,2 foiz) va Qashqadaryo (+1,4 foiz)da ijara narxlari ko‘tarildi. Toshkentda eng yuqori ijara narxlari saqlanib tursa-da, ayrim tumanlarda pasayish sezilarli bo‘ldi. Qurilish sohasida yuqori sur’atlar davom etmoqda. So‘nggi yillarda 430 mingdan ziyod yangi uy topshirilgan. 2025 yilda esa 130 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning bir qismi Yangi Toshkentda barpo etilmoqda. Yangi uylar energiya tejamkor materiallar asosida quriladi. Mutaxassislar fikricha, uy-joy bozoridagi ayrim pasayishlarga qaramay, qurilish sur’atlari va aholi ehtiyojlariga bog‘liq ravishda bozordagi faollik saqlanib qolishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid