
O‘zbekiston va Afg‘oniston 243 mln dollarlik energetika loyihalarini boshlaydi
18.08.2025 | 09:3018053
O‘zbekiston va Afg‘oniston to‘rtta yirik energetika loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Ular 18 oyda bajarilishi rejalashtirilgan.

Kelishuvlar Afg‘oniston energetika kompaniyasi Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) va o‘zbek sheriklari o‘rtasida imzolandi. Marosim Kobulda Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdulg‘ani Barodar Oxund hamda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirokida o‘tdi.
Dastur doirasida 500 kVli «Surxon – Dashti-Alvon» elektr uzatish liniyasi qurilishi (1000 MV), «Argandi» podstansiyasini 800 MWAgacha kengaytirish, 220 kVli «Kobul – Shayx-Misriy» liniyasi qurilishi (800 MV) hamda Nangarhorda «Shayx-Misriy» podstansiyasini 126 MVA quvvat bilan barpo etish loyihalari amalga oshiriladi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov ushbu kelishuvlarning strategik ahamiyatini ta’kidlab, ular ikki davlat rahbarlari qo‘llab-quvvatlashi bilan amalga oshirilayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Afg‘onistonning barqarorligi va rivoji uchun hamisha yordam berishga tayyor.
DABS rahbari Abdulboriy Umar esa O‘zbekistondan qariyb 1000 MV elektr energiyasi importi mamlakat sanoati, qishloq xo‘jaligi va ish o‘rinlari yaratilishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishini qayd etdi. Uning fikricha, mazkur loyihalar nafaqat elektr ta’minotini yaxshilaydi, balki Afg‘onistonning iqtisodiy va sanoat o‘zgarishlarida ham muhim omilga aylanadi.





