
O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari 20 mln dollarlik kelishuvga erishdi
04.08.2025 | 09:303323
O‘zbekiston va Afg‘oniston xususiy sektori vakillari o‘rtasidagi qo‘shma ishbilarmonlik uchrashuvida umumiy qiymati 20 mln dollardan ortiq bo‘lgan 45 ta savdo hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda Ariana News ma’lum qildi.

“Tolibon” hukumatining sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuruddin Aziziyga ko‘ra, kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo va investitsiya hajmini oshirishga xizmat qiladi. U O‘zbekiston bilan o‘zaro savdo hajmini 3 mlrd dollarga yetkazish rejasi borligini aytdi.
O‘zbekistonning Kobuldagi elchisi Oybek Usmonov ham ikki tomonlama savdo aloqalarini kengaytirish niyatida ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, 2025 yil davomida Kobul va Toshkent o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi uch barobarga oshgan. Joriy yilning birinchi yarmida Afg‘onistonning O‘zbekistonga eksporti 300 foizga ko‘paygan. Usmonovning aytishicha, yaqin yillarda savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazishga tayyorlik bor.
Uchrashuv yakunida ikki davlat tadbirkorlari qator masalalarga e’tibor qaratdi. Ular orasida:
– vizalar berish tartibini soddalashtirish,
– imtiyozli tariflar joriy etish,
– investorlar uchun qo‘llab-quvvatlovchi infratuzilma yaratish,
– shartnomalar ijrosini ta’minlash
– Kobul va Toshkent o‘rtasida qo‘shma savdo palatalarini tashkil etish kabi takliflar bor.
Mutasaddilarning fikricha, bu hamkorlik nafaqat ikki mamlakat iqtisodiyotiga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi savdo aloqalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.





