
O‘zbekiston va BAA 20 mlrd dollarlik loyihalar portfelini yanada kengaytiradi
11.06.2025 | 17:0019833
Prezident Shavkat Mirziyoyev BAA delegatsiyasi bilan uchrashuvda ikki tomonlama strategik hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Tomonlar energetika, logistika va qishloq xo‘jaligi kabi muhim sohalardagi yirik loyihalarni jadal ilgari surishga kelishib oldi.

Toshkentda xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev BAAning energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda AMEA Power, Etihad Water & Electricity, TAQA, AD Ports va Masdar kabi yetakchi kompaniya rahbarlari ishtirok etdi.
Suxayl al-Mazruiy BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Bosh vazir va Dubay amiri Shayx Muhammad bin Rashid, vitse-prezident Shayx Mansur bin Zoid hamda Abu-Dabi valiahdi Shayx Xolid bin Muhammad nomidan samimiy salom va tilaklarni yetkazdi.
Muzokaralarda 2025 yil boshida Prezident Mirziyoyevning BAAga qilgan rasmiy tashrifi natijalari asosida erishilgan kelishuvlarning amaliyotda bajarilishi atroflicha muhokama qilindi. Mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanayotgani, tovar ayirboshlash hajmi va investitsiya faolligi oshib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Ayni paytda Amirliklar kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma loyihalar portfeli 20 mlrd dollardan oshib ketgan. Toshkentdagi IV Xalqaro investitsiya forumida muhim sohalar bo‘yicha qator yangi bitimlar imzolangani ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, ta’lim, shaharsozlik va suv ta’minoti yo‘nalishlaridagi yirik investitsiya loyihalarini tezkor ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishildi.





