
O‘zbekiston va BAA o‘rtasida talabalar va shifokorlar almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi
07.08.2025 | 19:2026613
Ikki mamlakat uy-joy va mehmonxona qurilishi loyihalarida ham hamkorlik qiladi.

O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o‘rtasida talabalar va shifokorlar uchun almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi diplomatlari hamda Ras Al-Xayma amirligidagi RAK Hospital kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ashendu Pandey bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida muhokama qilingan. Suhbatda BAA tomoniga O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tibbiy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar hamda «Yangi Toshkent» qurilish loyihasi haqida keng ma’lumot berilgan.
Ashendu Pandey O‘zbekistondagi qulay biznes muhitini yuqori baholar ekan, ikki davlat o‘rtasida yangi sheriklik yo‘nalishlarini rivojlantirishga qiziqish bildirgan. Uning fikricha, O‘zbekistonda tibbiy xizmat ko‘rsatish va sohaga investitsiya kiritish uchun katta salohiyat mavjud.
Uchrashuv yakunida ikki tomon talabalar va shifokorlar uchun o‘zaro tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, turar joy va mehmonxona qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishgan.





