O‘zbekiston va Gruziya prezidentlari Tbilisida muzokaralar o‘tkazdi
O‘zbekiston Prezidenti so‘nggi 23 yil ichida ilk bor davlat tashrifi bilan Gruziyaga bordi.
© Foto: prezident.uzGruziyaga davlat tashrifi doirasida Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston – Gruziya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston rahbari Gruziya Prezidentiga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mamlakatga davlat tashrifi so‘nggi 23 yilda ilk bor amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
Parlamentlar, hukumatlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Iqtisodiy va madaniy hamkorlik ko‘rsatkichlari
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarga yetdi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni ortib bormoqda. Mamlakatimizda Gruziyaning birinchi raqamli banki – «TBC» muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Toshkent bilan Tbilisi va Batumi shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston poytaxtida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zaro savdo hajmini, jumladan, Poti va Batumi portlari salohiyatidan samarali foydalanish orqali yanada oshirish masalalariga ustuvor e’tibor qaratildi.
Farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish uchun imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ishbilarmonlik, turistik va gumanitar almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish uchun hududlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Mixail Kavelashvilini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.