add

O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi

15.09.2025 | 12:007663

O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochilishi turizm va logistika salohiyatini kuchaytirishi kutilmoqda.

O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi
2025 yil 11 sentyabr kuni Hongkongda bo‘lib o‘tgan «Bir kamar, bir yo‘l» sammiti doirasida «Uzbekistan Airports» va Hongkong xalqaro aeroporti rahbariyati o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda kompiniya axborot xizmati xabar berdi. Hujjat ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish hamda aeroport sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi. Memorandum doirasida boshqaruv tajribasini o‘rtoqlashish, operatsion samaradorlik va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, kadrlar tayyorlash hamda barqaror rivojlanish tashabbuslari belgilangan. Shuningdek, Hongkong xalqaro aviatsiya akademiyasi orqali mutaxassislarni o‘qitish ko‘zda tutilgan. «Hongkong aeroporti bilan kelishuv O‘zbekistonning jahon aviatsiya tarmog‘iga integratsiyasida muhim qadam bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar soni ortishi yo‘lovchi oqimini ko‘paytirib, turizmni rivojlantirishi va transport-logistika imkoniyatlarini mustahkamlashi kutilmoqda», — dedi «Uzbekistan Airports» boshqaruvi raisi o‘rinbosari Salohiddin Nosirov. Hongkong xalqaro aeroporti bosh direktori Vivian Chang hamkorlik yangi yo‘nalishlarni ochish va reyslar sonini ko‘paytirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon akademiya 380 mingdan ortiq ishtirokchilar uchun dasturlarni amalga oshirgan va bu tajriba o‘zbekistonlik hamkorlar uchun muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda Hongkong xalqaro aeroporti 200 dan ziyod yo‘nalishda 140 ga yaqin aviakompaniyaga xizmat ko‘rsatadi. Bu ko‘rsatkich pandemiyadan oldingi natijalardan yuqori ekani qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid