
O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishchi vizasi bo‘yicha kelishuvga erishdi
29.09.2025 | 15:4147543
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida E-7 malakali ishchi vizasi bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu kelishuv yoshlarga sanoat sohalarida malaka oshirish imkonini yaratadi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Janubiy Koreyaning Gyongsangnam-do provinsiyasi o‘rtasida E-7 turidagi malakali ishchi vizasi bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Kelishuv doirasida O‘zbekiston yoshlari Koreyaning yirik sanoat tarmoqlarida ishlash orqali o‘z bilim va tajribalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu vizalar xududiy tartibda amal qiladi va yuqori malakali mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.
Gubernator Pak Vansu ta’kidlashicha, bu hujjat provinsiya tarixida xorijiy ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha birinchi rasmiy kelishuv hisoblanadi. U o‘z nutqida: «Biz xorijlik ishchilarda ayniqsa til bilish qobiliyatiga katta e’tibor qaratamiz. O‘zbek yoshlarining tayyorgarligi va bilim olish tizimini yuqori baholaymiz», — dedi.
Uchrashuvda shuningdek, E-8 turidagi mavsumiy ishchi vizasi masalasi ham muhokama qilindi. Tomonlar kelgusida qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida ham qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun, E-7 vizasi muayyan soha va kasblarda malakali mutaxassislar uchun beriladi. E-8 vizasi esa qishloq xo‘jaligi va baliqchilikda mavsumiy ishchi kuchini jalb qilishga mo‘ljallangan.





