O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi
Yig‘ilish doirasida yangi kooperatsiya loyihalarini bajarishga start beriladi. Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini faol jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, O‘rta yo‘lakni birgalikda rivojlantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan maydonda Ozarbayjon yetakchisi sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib olib, shohsupaga taklif qildi. Shundan so‘ng, ikki davlat madhiyalari yangradi.
Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladi. Birgalikda suratga tushilgandan so‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.
Shundan so‘ng, Ko‘ksaroy qarorgohida ikki prezident tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Muzokaralarda O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mirziyoyev Aliyevning bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidladi.
«Sammit yakunida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi buning tasdig‘i bo‘ladi. Eng muhimi, strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning har bir bandi aniq natijalar va amaliy harakatlarda o‘z ifodasini topadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yetakchilar ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi. Parlamentlar, hukumatlar va tarmoqlar o‘rtasida muntazam muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari va Hududlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani aytildi.
Prezident matbuot xizmatining yozishicha, so‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga ortdi. Energetika, kimyo, konchilik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi. Aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan dastur qabul qilinayotgani mazkur muhim marraga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Yig‘ilish doirasida yangi kooperatsiya loyihalarini bajarishga start beriladi. Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini faol jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, O‘rta yo‘lakni birgalikda rivojlantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yetakchilar madaniyat, ta’lim, yoshlar siyosati va sport sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldi. Bugun Nizomiy Ganjaviy nomidagi Milliy pedagogika universitetining yangi binosi ochiladi hamda Yangi Toshkentda «Ozarbayjon» bog‘ini barpo etish ishlari boshlanadi. Ikki xalqni yanada yaqinlashtirish maqsadida «Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi adabiy ko‘prik» mavzusida qo‘shma kinofilm yaratish taklif etildi. Joriy yilning kuzida Ozarbayjonda yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tadi.
2027-yilda mamlakatlarda muhim sport voqeasi — futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Bu borada qo‘shma sport, madaniyat va yoshlarga oid tadbirlarni o‘tkazishni nazarda tutuvchi keng ko‘lamli «Ikki mamlakat — bir chempionat» dasturi ishlab chiqiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. Yig‘ilishda Hukumatlararo komissiya hamraislarining axborotlari tinglandi. Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga qaratilgan «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga qaror qilindi. Yakunda bank-moliya, qurilish materiallari, ta’lim, neft-gaz, turizm, uy-joy qurilishi, tog‘-kon sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start berildi.





