Logo

Ilhom Aliyev O‘zbekiston prezidentini «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirladi

O‘z navbatida, Ozarbayjon rahbariga O‘zbekistonning «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi.

Ilhom Aliyev O‘zbekiston prezidentini «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirladi © president.uz

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Ozarbayjon prezidentining qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va e’tirofining ifodasi sifatida Ilhom Aliyevga O‘zbekistonning oliy davlat mukofoti — «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi.

«Siz ulug‘ otangiz — atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Sizning rahbarligingizdagi oqilona islohotlar tufayli Ozarbayjon taraqqiyot borasida va xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishmoqda», — dedi Mirziyoyev.

Ilhom Aliyevning O‘zbekiston – Ozarbayjon ko‘p qirrali munosabatlarini kengaytirishga qo‘shayotgan hissasi ham alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Aliyev yuksak e’tirof uchun Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik izhor etib, do‘stlik va o‘zaro hurmat ruhidagi har tomonlama hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti — «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi. Mukofotni Aliyevning o‘zi topshirdi.

O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon prezidenti va qardosh Ozarbayjon xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni abadiy do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi qo‘shma sa’y-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini ta’kidladi.

«Mazkur orden men uchun alohida ahamiyatga ega. Unga butun umrini vataniga xizmat qilishga bag‘ishlagan ulug‘ davlat arbobi Haydar Aliyevich Aliyevning nomi berilgan. Aynan shu inson Ozarbayjonning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Haydar Aliyev O‘zbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani, ikki xalq yaqinlashuviga salmoqli hissa qo‘shgani ta’kidlandi. O‘zbekiston va Ozarbayjon kelgusida ham barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirib, qardoshlik munosabatlari esa yangi amaliy mazmun bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.

Ma’lumot uchun, «Haydar Aliyev» ordeniga turli yillarda Fransiya prezidenti Jak Shirak, Quvayt amiri Saboh as-Saboh, Turkiya prezidenti Rajap Toyyib Erdo‘g‘an, Italiya prezidenti Serjo Mattarella va boshqa ko‘plab davlat arboblari sazovor bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazgandi.

Teglar

Mavzuga oid