
O‘zbekiston va Ozarboyjon FIFA U-20 Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
02.10.2025 | 18:5928523
Mezbon sifatida Ozarboyjon va O‘zbekiston terma jamoalari avtomatik tarzda JCH ishtirokchisiga aylanadi.

FIFA Ozarboyjon va O‘zbekistonning 20 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma arizasiga ijobiy baho berdi. Bu haqda Kengashining navbatdagi yig‘ilishida qaror qabul qilindi.
Bu turnirdunyo miqyosida milliy terma jamoalar ishtirok etadigan eng muhim musobaqalardan biri hisoblanadi va FIFA tashkil qiladigan chempionatlar ichida ikkinchi o‘rinda turadi. Mezbon sifatida Ozarboyjon va O‘zbekiston terma jamoalari avtomatik tarzda JCH ishtirokchisiga aylanadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro sport tadbirlariga mezbonlik qilish bo‘yicha katta tajriba to‘pladi. Xususan, 2024 yilda mamlakatda o‘tkazilgan FIFA Futzal Jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etilgani uchun xalqaro futbol jamoatchiligi tomonidan yuqori baholangan edi. Bu tajriba mutaxassislarning yirik musobaqalarni o‘tkazish salohiyatini yanada mustahkamladi.
2027 yilda dunyo futbolining eng iqtidorli yoshlari O‘zbekiston va Ozarboyjonda to‘planishi rejalashtirilgan. Musobaqa davomida ikki davlat infratuzilmasi, mehmondo‘stligi, tashkilotchilik tajribasi va muxlislar faolligi xalqaro e’tibor markazida bo‘ladi. Bu hamkorlik mintaqada futbol rivojiga yangi sur’at bag‘ishlashi kutilmoqda.





