
O‘zbekiston va Ozarboyjon futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazishga da’vogarlik qilyapti
07.07.2025 | 20:306633
O‘zbekiston va Ozarboyjon 2027 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish uchun Xalqaro futbol federatsiyasiga (FIFA) qo‘shma ariza topshirdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ma’lum qildi.

«Turkiy tilli mamlakatlarda so‘nggi yillarda futbol sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoitlar va xalqaro maydondagi ta’sirini hisobga olgan holda, O‘zbekiston va Ozarboyjon futbol assotsiatsiyalari o‘zlarining qo‘shma nomzodligini ilgari surdilar hamda o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatini yuqori darajada o‘tkazishga ishonch bildirdilar», - deyiladi xabarda.
Assotsiatsiya vakillarining ta’kidlashicha, Toshkent va Boku nufuzli turnirni o‘tkazishga to‘liq tayyor. So‘nggi yillarda stadionlar xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilib, takomillashtirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-7 iyul kunlari rasmiy tashrif bilan Bokuda bo‘lgandi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Mirziyoyevga O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘l olgani munosabati bilan tabrik bildirgandi. Aliyev bu yutuqni “tasodifiy emas” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “o‘zbek sportchilarining xalqaro maydondagi shonli g‘alabalarining davomidir” . Shavkat Mirziyoyev ham o‘z navbatida Ozarboyjonning mini-futbol bo‘yicha jahon chempionligi bilan tabriklagan.





