
O‘zbekiston va Qozog‘iston haftasiga 238 ta aviaqatnov amalga oshiradi
16.08.2025 | 14:3025703
Qozog‘iston va O‘zbekiston transport vazirliklari o‘zaro muzokaralar natijasida muntazam aviaqatnovlarni ko‘paytirish orqali transport aloqalari va turizm salohiyatini kengaytirishga kelishib oldi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, ikki mamlakat aviakompaniyalari haftasiga jami 238 ta parvoz amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda Qozog‘iston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Tashkentdan Olmaota va Ostonaga haftasiga 42 tagacha reys yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Boshqa yo‘nalishlarda esa haftasiga 14 tagacha reys amalga oshirishga ruxsat berildi. O‘zbekiston tomoni ma’lumoticha, ayrim yo‘nalishlarda bu ko‘rsatkich 7 ta parvoz bilan cheklanishi mumkin.
O‘zbekiston Transport vazirligi aniqlik kiritib, kelishuvga ko‘ra barcha yo‘nalishlarda umumiy parvozlar soni haftasiga 238 tani tashkil etishini bildirdi. Shuningdek, tomonlar muntazam reyslar bajarish uchun belgilangan punktlar sonini ham ko‘paytirishga kelishib oldi.
Qo‘shimcha ravishda, ikki davlat aviakompaniyalari yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘ydi. Xususan, 3 iyuldan O‘zbekistonning Centrum Air aviakompaniyasi Aktau – Nukus yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga ikki marta reys amalga oshirmoqda. 15 iyuldan esa Qozog‘istonning Fly Arystan kompaniyasi Atirau – Tashkent yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga uch reys yo‘lga qo‘ydi.
Yangi kelishuv ikki davlat o‘rtasida transport aloqalarini mustahkamlab, ishbilarmonlik va madaniy hamkorlik bilan birga turizm rivojiga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida haftasiga 1000 ta aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.





