
O‘zbekiston va Rossiya 2030 yilgacha savdo hajmini bir necha barobarga oshirishni rejalashtirmoqda
13.06.2025 | 15:206743
O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro tovar ayirboshlashni keskin oshirish hamda sanoat va transport sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlarni belgiladi. Bu haqda ikki mamlakat o‘rtasidagi ishchi guruh yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Rossiyaning iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va O‘zbekistonning investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ishtirok etgan muzokaralarda, Rossiyadan O‘zbekistonga eksportni 2,7 barobarga – 17,9 mlrd dollargacha, O‘zbekistondan Rossiyaga eksportni esa 3,6 barobarga – 11,8 mlrd dollargacha oshirish rejasi ma’lum qilindi. Bu natijalarga erishish uchun qo‘shma loyihalar faollashtirilishi va biznes uchun qulay sharoitlar yaratilishi qayd etildi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, farmatsevtika va logistika sohalarida amalga oshirilayotgan tashabbuslarni ko‘rib chiqdilar. Ayniqsa, metro vagonlari, yuklovchi elektrovozlar va kommunal texnikalar yetkazib berish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Energetika yo‘nalishida O‘zbekistonda issiqlik va gidroelektrostansiyalarni modernizatsiya qilish, shuningdek, Rossiya tomonidan atom stansiyasi qurilishi bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilmoqda. 2024 yildan ikkiblokli yirik va ikkiblokli kichik atom elektr stansiyalari qurilishi boshlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, tomonlar transport logistikasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi. Xususan, «Shimol – Janub» xalqaro transport yo‘lagining O‘zbekiston orqali kengayishi ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi. Bu koridor bo‘yicha 2024 yilning o‘zida 20 mln tonnadan ortiq yuk tashilgan.
Muzokaralarda ta’lim va raqamli platformalarda hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, «Vserossiyskaya akademiya vneshney torgovli» filiali ochilishi va «Proizvodstvennaya kooperatsiya i sbыt» platformasini o‘zbekcha Online-Bozor.uz bilan integratsiya qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Kelgusi ishchi guruh yig‘ilishi 2025 yil ikkinchi yarmida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.





