add

O‘zbekiston va Rossiya ikki xil quvvatdagi AES qurishni muhokama qilmoqda

30.08.2025 | 08:0022304

Jizzaxda VVER-1000 reaktorlari bilan katta AES hamda alohida kichik stansiya loyihalari ishga tushiriladi.

O‘zbekiston va Rossiya ikki xil quvvatdagi AES qurishni muhokama qilmoqda
O‘zbekiston hududida Rossiya texnologiyasi asosida bir vaqtning o‘zida katta va kichik quvvatdagi ikki atom elektr stansiyasi qurilishi mumkin. Bu haqda Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasida o‘tkazilgan qabulda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu loyiha Markaziy Osiyodagi birinchi shov-shuvli dastur sifatida qayd etilmoqda. «Agar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bu O‘zbekiston uchun yangi texnologik sakrash bo‘ladi», — dedi Ryabkov. Loyiha energetika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlaydi. O‘zbekiston va Rossiya 2018 yilda AES qurilishi bo‘yicha kelishuv imzolagandi. Unga ko‘ra, ikki VVER-1200 reaktorli stansiya qurilishi kerak edi. 2024 yil may oyida kelishuv qayta ko‘rib chiqilib, dastlab kichik AESdan boshlashga qaror qilindi. Unda olti reaktordan iborat loyiha belgilangan, keyinchalik bu ikkiga qisqartirildi. Katta AES qurilishi masalasi 2025 yil mart oyida «Rosatom» va «O‘zatom» muzokaralarida yana ko‘tarildi. Iyunda tomonlar katta stansiya bo‘yicha yangi kelishuvni imzoladi. Unga ko‘ra, har biri 1 GW quvvatga ega ikkita VVER-1000 energobloki quriladi. Keyinchalik stansiyani to‘rt blokqacha kengaytirish mumkin bo‘ladi. Loyihani amalga oshirish uchun qo‘shma ishchi guruh tashkil etilgan bo‘lib, u texnik parametrlar, moliyaviy xarajatlar va yakuniy qaror ishlab chiqishi kerak. Bosh pudratchi — «Rosatom»ning injiniring bo‘limi bo‘lgan «Atomstroyeksport», shuningdek, mahalliy kompaniyalar ham jalb etiladi. Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026 yil mart oyida Jizzax viloyatida AES qurilishi uchun birinchi betonni quyishni boshlash bo‘yicha topshiriq bergan.

Teglar

Mavzuga oid