add

O‘zbekiston va Serbiya prezidentlari Ko‘ksaroyda rasmiy muzokaralar o‘tkazdi

Bugun, 28 oktyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston va Serbiya prezidentlari Ko‘ksaroyda rasmiy muzokaralar o‘tkazdi

Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqilgan.

Shavkat Mirziyoyev Serbiya yetakchisini samimiy qutlar ekan, hamkorlik davridagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishini va O‘zbekiston – Serbiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta’kidlagan.

«Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda rasmiy tashrifingiz tarixiy voqeadir. O‘zbekistonda Serbiyaga katta xayrixohlik bilan qarashadi. Xalqlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari va o‘xshash mentalitet bog‘lab turadi», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralarda alohida e’tibor tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda ko‘plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga qaratilgan.

«Markaziy Osiyo – Bolqon» yo‘nalishida yangi transport yo‘laklarini, jumladan, Transkaspiy koridori doirasida rivojlantirish muhimligi qayd etilgan.

Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida kelgusi yilda Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olingan. Tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan.

Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.

O‘zbekiston bilan Serbiya o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralar yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lgan.

Faxriy mehmonlar xiyobonida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik hamda sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga mushtarak intilish ifodasi sifatida daraxt ekdilar.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Serbiya prezidentlari Ko‘ksaroyda rasmiy muzokaralar o‘tkazdi | Vaqt.uz