add

O‘zbekiston va Tojikiston Xitoy va Yevropaga yangi multimodal yo‘lakni ishga tushiradi

05.01.2026 | 19:382 daqiqa

Pilot loyiha doirasida 10 ta yuk mashinasidan iborat ilk karvon O‘zbekistondan Tojikiston orqali Xitoyga yo‘l oladi.

O‘zbekiston va Tojikiston Xitoy va Yevropaga yangi multimodal yo‘lakni ishga tushiradi

Tojikiston va O‘zbekiston Xitoy – Tojikiston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa multimodal koridoridan foydalanish bo‘yicha pilot loyihani ishga tushirmoqda. Bu haqda Tojikiston Respublikasi Transport vazirligiga tayanib, Sputniknews xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu pilot loyiha doirasida 10 ta to‘liq yuklangan yuk mashinasidan iborat karvon O‘zbekistondan Tojikiston orqali Xitoyga yo‘l oladi.

Ikki davlat transport vazirlari Azim Ibrohim va Ilhom Mahkamov yaqinda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida ushbu masala bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Dushanbe va Toshkent yangi multimodal koridor orqali Xitoyga birgalikda yuklarni yetkazib berishni boshlashlari mumkin. Yuklarni tashish uchun ruxsatnomalar elektron shaklda berilmoqda.

Ushbu koridor 2022 yilda Dushanbeda «Logistika va uning Tojikiston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlari» xalqaro konferensiyasi doirasida taqdim etilgan edi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston chegarasida, Samarqand viloyatining Urgut tumanida joylashgan «Jartepa – Sarazm» chegara o‘tish punktining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish rejalashtirilgan.

U yerda kuniga 100 tagacha yuk mashinasini hujjatlarni zudlik bilan rasmiylashtirgan holda qabul qila oladigan yangi logistika markazi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, chegara yaqinida har kuni 150-200 nafar murojaatchiga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan diagnostika markazi, shuningdek, 800 nafar tadbirkorga mo‘ljallangan savdo majmuasi tashkil etiladi. Tojikiston fuqarolari pasport nazoratidan o‘tmasdan, ortiqcha hujjatlar rasmiylashtirmasdan va uzun navbatlarsiz tijorat va tibbiy xizmatlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Komissiya, shuningdek, xalqaro avtomobil tashuvlari uchun ruxsatnoma blankalari sonini ko‘paytirish va ularni elektron shaklda topshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Teglar

Mavzuga oid