
O‘zbekiston va Ummon Sultonligi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda
13.06.2025 | 13:4048553
12 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ummon Sultonligi o‘rtasidagi savdo, sanoat va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar doirasida ikki mamlakat vazirlari o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olishdi.

Hukumatlararo komissiyaning 5-yig‘ilishida mavjud kelishuvlar ko‘rib chiqildi hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi. Shuningdek, biznes-forum tashkil etildi va unda ikki mamlakatdan 50 dan ortiq kompaniya ishtirok etdi. Forumda axborot texnologiyalari, ta’lim, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalaridagi investitsiya loyihalari taqdim etildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Ummonning savdo, sanoat va investitsiyalar bo‘yicha vaziri Qays bin Muhammad bin Muso al-Yusuf o‘rtasidagi muzokaralar ham shunga qo‘shildi. Unda o‘zaro savdo hajmini oshirish, yangi kooperatsiya yo‘nalishlarini aniqlash va innovatsion loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Biznes-forum yakunida B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda tadbirkorlar o‘zaro aloqalar o‘rnatib, amaliy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashishdi. Muloqot yakunlariga ko‘ra Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.
Bu tadbirlar O‘zbekiston va Ummon o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yanada kengaytirish va amaliy loyihalarga asoslangan hamkorlikni faollashtirishda muhim bosqich bo‘ldi.





