
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik yangi amaliy bosqichga o‘tdi
10.06.2025 | 11:405372
Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona ma’muriyati raisi o‘rinbosari Vu Xaypin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Bu tashrif ikki davlat bojxona xizmatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning ilk natijasi sifatida baholanmoqda.

Bojxona qo‘mitasi raisi mehmonlarni tantanali qabul qilib, so‘nggi yillarda davlatlar o‘rtasidagi investitsion va savdo aloqalari jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. 2024 yil oxirigacha O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritiladigan xitoy investitsiyalari hajmi 15 mlrd dollardan oshib ketishi kutilmoqda. Shuningdek, faqat shu yilning o‘zida 380 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etilib, ularning umumiy soni 3,7 mingtaga yetdi.
Uchrashuvda bojxona sohasidagi o‘zaro axborot almashinuvi, kadrlar malakasini oshirish, Shanxay Bojxona universiteti bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, bojxona hududida qayta ishlash tizimida Xitoy tajribasini o‘rganish kabi masalalar muhokama etildi.
Bundan tashqari, bojxona postlarini zamonaviy nazorat vositalari, jumladan, yuk avtomashinalarini skanerlovchi tizimlar bilan jihozlashdagi hamkorlik, tashqi savdo yuklarining tez va samarali rasmiylashuvini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Xitoy delegatsiyasi Bojxona qo‘mitasi tasarrufidagi laboratoriyalar, axborot markazlari va rasmiylashtirish punkti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.





