
O‘zbekiston – Xitoy sun’iy intellekt markazi tashkil etiladi
02.09.2025 | 10:4533254
Pekindagi muzokaralarda ikki davlat yetakchilari innovatsiya, ta’lim va iqtisodiy sheriklikni kengaytirish yo‘llarini muhokama qildilar.

2 sentyabr kuni Pekin shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Jinping rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda barcha sharoitlarda strategik sheriklikni mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish va yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbarlari siyosiy muloqot va o‘zaro ishonchning kuchayganini ta’kidlab, savdo aylanmasi 2024 yilda 14 milliard dollardan oshib, joriy yil boshidan 23 foizga o‘sganini qayd etdilar. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, qiymati 60 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgan.
Mirziyoyev innovatsion hamkorlik doirasida O‘zbekiston – Xitoy sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, mamlakat hududlarida «Lu Ban ustaxonalari» tashkil etilib, energetika, mashinasozlik, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Temir yo‘l infratuzilmasida «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» strategik temir yo‘lining amaliy bosqichi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga, fan va ta’lim sohalarida qator yangi qadamlar belgilandi: Sian neft universiteti filiali uchun bitim imzolandi, Pekin texnologiya instituti filialini ochish rejasi muhokama qilindi.
Turizm va madaniy aloqalar ham rivojlanmoqda. Vizasiz rejim joriy etildi, aviaqatnovlar ko‘paytirilmoqda. O‘zbekiston Xitoy Milliy muzeyida katta ko‘rgazmada ishtirok etmoqda, 2027 yilda esa Shanxay va Pekinda san’at ko‘rgazmalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muzokaralar yakunida xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashilib, BMT, SHHT va «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi hamkorlikni davom ettirish ahamiyati qayd etildi. Prezident Mirziyoyev Si Jinpingni O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.





