add

O‘zbekiston–Yaponiya parlamentlararo hamkorligi kengayadi

Bugun 11:251012 daqiqa

Shavkat Mirziyoyev Yaponiya parlamentining Maslahatchilar palatasi prezidenti va Vakillar palatasi spikeri bilan strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston–Yaponiya parlamentlararo hamkorligi kengayadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakat parlamentining Maslahatchilar palatasi prezidenti Masakazu Sekiguchi bilan uchrashdi. Suhbatda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlar alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda Yaponiya parlamenti vakillarining joriy yil aprel oyida Toshkentda o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150 yilligiga bag‘ishlangan sessiyada faol ishtirok etgani alohida qayd etildi. Tomonlar ushbu formatdagi muloqotlar qonun ijodkorligi va institutsional hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Yoshlar parlament tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston–Yaponiya yoshlar parlamentlari a’zolari forumini o‘tkazish, shuningdek, 2026 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Yoshlar parlamentlari a’zolari global konferensiyasida Yaponiya delegatsiyasining ishtirokini ta’minlash muhimligi bildirildi.

Prezident Mirziyoyev Tokio shahrida Yaponiya parlamentining Vakillar palatasi spikeri Fukushiro Nukaga bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston–Yaponiya strategik sherikligini yanada mustahkamlash, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat parlament delegatsiyalari o‘rtasida o‘zaro tashriflar va uchrashuvlar faol tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Parlamentlardagi do‘stlik guruhlari samarali ish olib borayotgani, may oyida Tokioda navbatdagi parlamentlararo forum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi. Shuningdek, parlament qo‘mitalari, xalq deputatlari mahalliy kengashlari va Yaponiya prefekturalari assambleyalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashish muhim ekani qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid