
O‘zbekiston yeryong‘oq eksportida Qozog‘iston yetakchi bozorga aylandi
27.06.2025 | 11:4026922
O‘zbekiston 2025 yilning dastlabki besh oyida yeryong‘oq eksportini faol oshirdi. Mamlakat asosiy eksport bozori sifatida Qozog‘istonni tanlagan.

Yanvar-may oylarida O‘zbekiston jami 5,9 ming tonna yeryong‘oqni xorijiy davlatlarga eksport qildi. Eksport qiymati 5,6 mln AQSH dollarini tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra (https://t.me/statistika_rasmiy/5940), Qozog‘iston O‘zbekiston yeryong‘oqining asosiy xaridori bo‘lib, 2,4 ming tonna mahsulot ushbu davlatga yetkazib berilgan.
Qozog‘istondan so‘ng Ozarbayjon 713 tonna, Rossiya 648 tonna, Pokiston 497 tonna va Turkmaniston 464 tonna bilan asosiy xaridorlar qatorida bo‘ldi. Shuningdek, boshqa davlatlarga ham 1,2 ming tonna yeryong‘oq eksport qilingani qayd etildi.
Eksport hajmi bo‘yicha Qozog‘iston O‘zbekiston uchun eng yirik va barqaror bozor bo‘lib qolmoqda. Ozarbayjon, Rossiya, Pokiston va Turkmaniston esa muhim alternativ yo‘nalishlar sifatida rivojlanmoqda.
Yeryong‘oq eksporti mamlakatning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashqi savdosidagi ahamiyatli yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bunday tendensiya O‘zbekistonning mintaqaviy bozordagi pozitsiyasini mustahkamlashga yordam beradi.





