add

O‘zbekiston Yevroittifoq bilan viza tartibini soddalashtirishni muhokama qildi

Bugun 08:583401 daqiqa

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mehnat, ta’lim va turizm maqsadida safar qiladigan fuqarolar uchun viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralarni boshladi.

O‘zbekiston Yevroittifoq bilan viza tartibini soddalashtirishni muhokama qildi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqining Ichki ishlar va migratsiya bo‘yicha bosh direktorati ekspertlari bilan viza tartibini soddalashtirish yuzasidan muzokaralarning birinchi bosqichini o‘tkazdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti ma’lum qilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolari uchun Yevropa davlatlariga safar qilishda amal qilayotgan amaldagi viza tartib-taomillarini yengillashtirish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilingan. Asosiy e’tibor mehnat faoliyati, o‘qish maqsadida safar qilayotganlar, xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi yuk mashinalari haydovchilari hamda turistik guruhlarga qaratilgan.

Muzokaralar davomida Yevropa tomoni viza tartibini soddalashtirish masalasini Yevrokomissiya kun tartibiga kiritish uchun bajarilishi lozim bo‘lgan shartlar va texnik talablar haqida axborot berdi. Ushbu shartlar migratsiya xavfsizligi, hujjatlar aylanmasi, ma’lumotlar almashinuvi va konsullik hamkorligi bilan bog‘liq jihatlarni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston tomoni mazkur talablarni puxta o‘rganib, ularni bosqichma-bosqich bajarishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, viza tartibining yengillashishi ikki tomonlama iqtisodiy, ta’limga oid va humanitar aloqalarni yanada faollashtirishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar viza rejimini soddalashtirishga qaratilgan muzokaralarni davom ettirish, ekspertlar darajasida muntazam muloqot o‘rnatish va amaliy natijalarga erishish uchun hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.

Teglar

Mavzuga oid