add

O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga rasman a’zo bo‘ldi

17.09.2025 | 20:0019514

O‘zbekiston 2025 yilda 10 million dollar, 2026 va 2027 yillarda esa har yili 79,2 million dollardan to‘laydi. Umumiy hisobda mamlakat 168,4 million dollar mablag‘ yo‘naltiradi.

O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga rasman a’zo bo‘ldi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 16 sentyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat «O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi bitimga (Ostona, 2006 yil 12 yanvar) qo‘shilishi to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi. Qayd etilishicha, YeOTBning ustav kapitalida O‘zbekiston Respublikasiga har birining nominal qiymati 1 000 AQSH dollari bo‘lgan 777 777 ta aksiya taqsimot qilingan, shundan 168 411 tasi (21,7 foiz) – pul to‘lanadigan aksiya va 609 366 tasi (78,3 foiz) – talab bo‘yicha to‘lanadigan aksiyalar. YeOTB ustav kapitalidagi aksiyalarni xarid qilish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshiriladigan to‘lovlar jadvali tasdiqlandi. Bu maqsadlar uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yilda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga zarur mablag‘larni ajratadi, 2026 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutadi. Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16 sentyabrdan kuchga kirdi. YeTBga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, yirik investitsiya va infratuzilma loyihalariga moliyaviy resurslar jalb qilish imkoniyatini beradi. Qaror ijrosi Bosh vazir Abdulla Aripov nazoratiga yuklatildi. Hujjatga muvofiq, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamkorlik bo‘yicha muxtor vakil sifatida, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xushnud Teshabayev esa uning o‘rinbosari sifatida belgilandi. Markaziy bank esa O‘zbekistonda YeTBga qarashli milliy valyutadagi mablag‘lar va aktivlarning depozitariysi etib tayinlandi.

Teglar

Mavzuga oid